O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirining 2025-yil 29-avgustdagi 212-sonli buyrug‘iga asosan Yaponiya universitetlarida magistratura bosqichida ta’lim olish uchun Vazirlik tomonidan maxsus stipendiya ajratilishi belgilangan.

 Bu stipendiya tanlovida qatnashish uchun institutimiz bitiruvchilari orasidan munosib nomzodlarni tanlab olish maqsadida 2025-yil 5-sentyabr kuni institut miqyosida imtihon o‘tkazilgan edi. Ushbu imtihonlarni yuqori natijalar bilan muvaffaqiyatli yakunlagan bitiruvchilarimiz 2-bosqich Respublika miqyosidagi imtihonlarda zoom platformasi orqali ishtirok etdi.

 Saralash jarayoni suhbat shaklida bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirokchilarga o‘zlarining kasbiy tayyorgarligi, ilmiy salohiyati va yapon madaniyati borasidagi bilimlari yuzasidan savollar berildi. Suhbat asosan ingliz tilida olib borilib, talabalar bilim va ko‘nikmalari puxta sinovdan o‘tkazildi.

 Mazkur tanlov natijalari institut bitiruvchilariga xalqaro miqyosda ta’lim olish imkoniyatini yaratib, ularning kelgusidagi ilmiy izlanishlari va kasbiy faoliyatida muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.