Xitoy Xalq Respublikasida «Cho‘llanishga qarshi kurashish va ko‘kalamzorlashtirishni rivojlantirish» mavzusida xalqaro simpozium bo‘lib o‘tdi. Ushbu nufuzli anjumanda dunyoning turli mamlakatlaridan olimlar, ekspertlar va mutaxassislar o‘z tajribasi va ilmiy izlanishlari bilan ishtirok etdi.
Ushbu simpoziumda institutimiz rektori B.B.Jollibekov ham ishtirok etdi. U o‘z ma’ruzasida O‘zbekiston, xususan, Qoraqalpog‘istonning tuproq-iqlim sharoitlari, sho‘rlanish va degradatsiyaga uchragan yerlarni ko‘kalamzorlashtirish borasidagi muammolar hamda Orol dengizi qurigan tubida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Shuningdek, rektor bu borada dunyoda olib borilayotgan ilmiy izlanishlar va tajribalar haqida xalqaro hamkorlar bilan fikr almashdi. Tadbir davomida Xitoy, Yaponiya va Koreya mutaxassislari cho‘llanishning oldini olish bo‘yicha o‘z yutuqlari bilan bo‘lishib, uchinchi davlatlar bilan tajriba almashish imkoniyati ham yaratildi.
Xalqaro simpozium O‘zbekiston olimlari uchun ham ilmiy hamkorlikni kengaytirish, tajriba almashish va ekologik muammolarni hal etishda yangi yondashuvlarni joriy etish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qildi.