Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutida Yaponiyaning O‘zbekistondagi vakolatxonasi savdo bo‘limi menejeri CHINORI TOKITA va Yaponiyaning Osaka tashkiloti Savdo bo‘limi mas’ul xodimi Shunkar Shomurodovlar xizmat safari bilan mehmon bo‘ldi.

 Mehmonlarni institut rektori B. Jollibekov va Xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i E. Abdullayev kutib olib, o‘zaro uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuv davomida mehmonlar O‘zbekistonda yetishtirilgan paxta xom ashyosidan Yaponiyada deyarli o‘n yildan ortiq vaqt davomida tayyor mahsulotlar ishlab chiqarilayotgani haqida ma’lumot berishdi. Shuningdek, ular qishloq xo‘jaligi sohasida mavjud muammolarni hal etish maqsadida institut bilan hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar olib borish istagini bildirishdi.

 Institut rahbariyati o‘z navbatida mazkur yo‘nalishdagi loyihalar uchun zarur ilmiy salohiyat va tajriba mavjudligini ta’kidladi. Uchrashuv yakunida tomonlar kelajakda o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolash va birgalikda ilmiy-amaliy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishishdi.

 Shundan so‘ng, mehmonlar Xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i E. Abdullayev boshchiligida institutning dala tajriba maydoniga tashrif buyurishdi. U yerda “Dehqonchilik, qishloq xo‘jaligi ekinlarining seleksiyasi va urug‘chiligi” kafedrasi dotsenti Xudoyor Matyoqubov tomonidan olib borilayotgan tadqiqot ishlari bilan tanishib, o‘zaro fikr almashishdi hamda kelgusida hamkorlikni yanada mustahkamlashga kelishib olishdi.