Magistrantlarning ilmiy tajribalari aprobatsiyadan o‘tkazildi 

   
 Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti Agrotexnologiya va o‘rmonchilik fakultetining «Dehqonchilik, qishloq xo‘jaligi ekinlari seleksiyasi va urug‘chiligi» kafedrasi tomonidan magistrantlarning ilmiy-tadqiqot ishlarini o‘rganish hamda ularning tajriba natijalarini baholash maqsadida aprobatsiya tadbiri tashkil etildi.         
 Aprobatsiya kafedra mudiri, biologiya fanlari nomzodi T. Allambergenov rahbarligida o‘tkazildi. Unda kafedra professor-o‘qituvchilari tomonidan «Seleksiya va urug‘chilik», «Agronomiya» va «Organik dehqonchilik va oziq-ovqat xavfsizligi» mutaxassisliklarida tahsil olayotgan magistrantlarning ilmiy tajribalari aprobatsiyadan o‘tkazildi.
  Tadbir davomida institutning tajriba maydonlarida olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari ko‘zdan kechirildi, aprobatsiya jarayonlarini tashkil etish tartibi yuzasidan amaliy tavsiyalar berildi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan paxta, kunjut, qovun va bug‘doy ekinlari urug‘chiligi tizimini ilmiy asosda tashkil etish, navlarning tozaligi va hosildorligini ta’minlash masalalari bo‘yicha magistrantlarga batafsil tushunchalar berildi.              
 Mazkur aprobatsiya magistrantlarning ilmiy izlanishlarini takomillashtirish, tajriba ishlarining sifatini oshirish hamda nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirishda muhim ahamiyat kasb etdi.