Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti va Koreyaning NOVA AGRO kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutida Koreya Respublikasining NOVA AGRO kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida qishloq xo‘jaligi, agrotexnologiyalar, fan, ta’lim va innovatsiyalar sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Tashrif doirasida Koreya kompaniyasi vakillari institutning ilmiy-amaliy salohiyati bilan yaqindan tanishdi. Jumladan, baliqchilik, dorivor o‘simliklar va GIS laboratoriyalariga tashrif buyurib, ularning faoliyati, zamonaviy uskunalari hamda ilmiy-tadqiqot va amaliy imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Baliqchilik laboratoriyasida baliq yetishtirish, ko‘paytirish va zamonaviy baliqchilik texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar namoyish etildi.

Dorivor o‘simliklar laboratoriyasida dorivor o‘simliklarni yetishtirish, o‘rganish, saqlash va ulardan samarali foydalanish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlari bilan tanishtirildi. GIS laboratoriyasida esa geografik axborot tizimlari va raqamli texnologiyalardan qishloq xo‘jaligida foydalanish, yer va ekin maydonlarini monitoring qilish, hududlarni tahlil qilish va zamonaviy agrotexnologik jarayonlarni boshqarish imkoniyatlari namoyish etildi.

Muzokaralar yakunida institut rektori Dauletmuratov Muxamedali Mirzamuratovich va NOVA AGRO kompaniyasi bosh direktori Jeong Gun Xo o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.