QORAQALPOG‘ISTON QISHLOQ XO‘JALIGI VA AGROTEXNOLOGIYALAR INSTITUTIDA XALQARO ILMIY-AMALIY KONFERENSIYA O‘TKAZILDI
Bugun Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti «Orolbo‘yi hududida suvdan foydalanish samaradorligi va sho‘rlanishning qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligi hamda aholi turmush faoliyatiga ta’sirini monitoring va nazorat qilish uchun iqlimga chidamli innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqish» mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Mazkur konferensiyada respublikamizning bir qator oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlarining olimlari, mutaxassislari va magistrantlari ishtirok etdi.
Dastlab, Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti rektori M.M. Dauletmuratov kirish so‘zi bilan ochib berdi va konferensiya ishiga muvaffaqiyatlar tiladi. Institut rektori M.M. Dauletmuratov o‘z kirish so‘zida konferensiya ishtirokchilarini samimiy qutlab, Orolbo‘yi mintaqasida suv resurslaridan samarali foydalanish, tuproq sho‘rlanishini oldini olish va qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligini oshirish bugungi kunning dolzarb masalalaridan biri ekanini ta’kidladi.
Bugungi kunda iqlim o‘zgarishi, suv resurslari taqchilligi va tuproq sho‘rlanishi Orolbo‘yi mintaqasida qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirish yo‘lida muhim vazifalarni yuzaga keltirmoqda. Bu muammolarni ilmiy asosda o‘rganish, zamonaviy va iqlimga chidamli innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqish hamda ularni amaliyotga joriy etish muhim ahamiyatga ega. Shu ma’noda, bugungi ilmiy-amaliy konferensiya olimlar, mutaxassislar va yosh tadqiqotchilar o‘rtasida tajriba almashish, yangi ilmiy g‘oyalarni ilgari surish va samarali yechimlarni ishlab chiqish uchun muhim maydondir. Ishonchim komilki, konferensiya davomida bildiriladigan takliflar ham Orolbo‘yi mintaqasining ekologik barqarorligini ta’minlash, suv va yer resurslaridan oqilona foydalanish hamda qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirishga munosib hissa qo‘shadi,» – dedi rektor M.M. Dauletmuratov.
Shundan so‘ng konferensiya o‘z ishini ilmiy ma’ruzalar va muhokamalar bilan davom ettirdi. Unda Orolbo‘yi mintaqasida suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish, tuproq sho‘rlanishining oldini olish, qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligini oshirish hamda iqlim o‘zgarishining qishloq xo‘jaligi va aholi turmush tarziga ta’sirini kamaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.


