Xalqaro hamkorlikda yangi qadam: Artemiya ilmiy tadqiqot markazi tashkil etiladi

Bugun Urmiya universiteti Artemiya va akvakultura ilmiy tadqiqot instituti asoschisi, professor Naser Agh Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutida mehmonda bo‘ldi. Mehmonni dastlab institut rektori M.M. Dauletmuratov kutib oldi. Uchrashuv davomida tomonlar o‘zaro fikr almashib, ilm-fan va ta’lim sohalaridagi hamkorlik istiqbollari yuzasidan muzokaralar olib bordilar.

Muloqot jarayonida qishloq xo‘jaligi, akvakultura, suv biologik resurslaridan samarali foydalanish hamda ushbu yo‘nalishlarda ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Shuningdek, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida ilmiy aloqalarni mustahkamlash, tajriba almashish, istiqbolli ilmiy loyihalarni amalga oshirish hamda professor-o‘qituvchilar va yosh tadqiqotchilar uchun yangi imkoniyatlar yaratish borasidagi hamkorlik yo‘nalishlari yuzasidan Eronning Urmiya universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Urmiya universiteti Artemiya va akvakultura ilmiy tadqiqot instituti asoschisi, professor Naser Agh ishtirokidagi uchrashuvda ta’lim va ilm-fan sohasidagi hamkorlikning amaliy yo‘nalishlari belgilab olindi.

Memorandum doirasida:

Talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish — talabalarga xorijda ta’lim olish va ilmiy tajriba orttirish imkoniyatlarini yaratish;

Qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish — artemiya, akvakultura va sho‘r suv havzalarini o‘rganish bo‘yicha birgalikda tadqiqotlar olib borish;

Artemiya ilmiy tadqiqot markazini tashkil etish — hamkorlik loyihasi doirasida ilmiy izlanishlar va amaliy tajribalar uchun markaz yaratish;

Ilmiy tajriba almashish — professor-o‘qituvchilar va tadqiqotchilar ishtirokida seminarlar, uchrashuvlar hamda qo‘shma tadbirlar tashkil etishga kelishildi.

Ushbu hamkorlik Orolbo‘yi hududining tabiiy resurslarini ilmiy o‘rganish, yosh tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash va xalqaro tajribani amaliyotga tatbiq etishga xizmat qiladi.