Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 29-sentabrdagi «Oliy taʼlimda dual taʼlim shaklida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PF-209-sonli Farmoni hamda Qoraqalpogʻiston qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar instituti rektorining 2026-yil 2-noyabrdagi 17-13/122-sonli buyrugʻi ijrosini taʼminlash maqsadida muhim amaliy tadbirlar tashkil etildi.
Shu munosabat bilan, oliy taʼlim muassasasi va ishlab chiqarish korxonalari oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, dual taʼlim tizimi asosida kadrlar tayyorlash va talabalarning amaliy koʻnikmalarini oshirish maqsadida «Agroinjeneriya va innovatsion texnologiyalar» kafedrasi hamda Qishloq xoʻjaligi texnikasi va texnologiyalarini sertifikatlash va sinash markazi oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik shartnomasi doirasida ochiq muloqot va mahorat darslari oʻtkazildi.
Tadbirni Agroinjeneriya va iqtisod fakulteti dekani p.f.d., professor E.Sultanov kirish soʻzi bilan ochib berdi. Dekan oʻz soʻzida mamlakatimizda dual taʼlim tizimini joriy etish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, Prezident Farmoni va institut buyrugʻining mazmun-mohiyati haqida toʻxtalib oʻtdi hamda mehmonga tashrif uchun minnatdorchilik bildirib, uni talabalar va professor-oʻqituvchilarga tanishtirdi.
Ushbu amaliy tashrif doirasida joriy yilning 5–7-noyabr kunlari institutga Qishloq xoʻjaligi texnikasi va texnologiyalarini sertifikatlash va sinash markazi direktorining birinchi oʻrinbosari – bosh muhandisi t.f.d., professor Tolibayev Alpisbay Yerjanbayevich tashrif buyurdi.
Uch kunlik dastur doirasida «Qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash» taʼlim yoʻnalishi talabalari hamda professor-oʻqituvchilar uchun:
Dual taʼlim talablariga mos amaliy mashgʻulotlar: Nazariya va ishlab chiqarish jarayonlarini birga olib borishga qaratilgan ochiq darslar hamda kiritilgan mahorat darslari (master-klass);
Ilmiy-amaliy seminar: Zamonaviy qishloq xoʻjaligi texnikalarini sertifikatlash, sinovdan oʻtkazish va ularning sifat koʻrsatkichlarini baholash boʻyicha amaliy tushuntirishlar;
Ishlab chiqarish amaliyoti va «CareerEdu» platformasi: Dual taʼlim tizimi asosida talabalarni korxonalarda 6 oygacha boʻlgan muddatda nazariy taʼlimdan ajralgan holda yoki «4+2», «5+1», «3+3» grafiklarida amaliyot oʻtashlarini hamda ularga biriktirilgan birinchi masʼul mutaxassislar nazoratini tashkil etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Quvonarlisi, uchrashuv va mahorat darslari davomida markaz direktorining birinchi oʻrinbosari A.Tolibayev yuqori bilim va amaliy intilishga ega boʻlgan 3-4 nafar eng iqtidorli talabalarni dual taʼlim tizimi asosida bevosita oʻzi rahbarlik qilayotgan markazga ishga qabul qilish va ularga amaliyat davridayoq ish oʻrinlari ajratish boʻyicha oʻz taklifini bildirdi. Bu tashabbus talabalar uchun nazariy bilimlarni toʻgʻridan-toʻgʻri ishlab chiqarish sharoitida mustahkamlash va kelajakda tayyor mutaxassis sifatida ish bilan taʼminlanishda katta imkoniyat yaratadi.
Tashkil etilgan ushbu tadbirlar talabalarning zamonaviy texnika va texnologiyalar boʻyicha chuqur amaliy bilim koʻnikmalarini shakllantirishga, ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirishga hamda oliy taʼlim va ishlab chiqarish oʻrtasidagi integratsiyani yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.


