O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2024-yil 15–16-fevral kunlari Andijon viloyatiga tashrifi davomida ilgari surilgan vazifalar yuzasidan tasdiqlangan 11-sonli bayon va Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 8-yanvardagi 27/1-4646-son topshirig‘i ijrosini ta’minlash, shuningdek, uzluksiz ta’lim tizimida malakali kadrlar tayyorlash jarayonini takomillashtirish, Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlarni tegishli oliy ta’lim muassasalari bilan ilmiy-pedagogik integratsiyasini kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining qo‘shma qaroriga muvofiq Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti professor-o‘qituvchilar jamoasi Taxtako‘pir tumani ixtisoslashtirilgan maktabida bitiruvchi sinf o‘quvchilari bilan uchrashuv tashkil etdi.

 Mazkur uchrashuv doirasida ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari va oliy ta’lim tashkilotlari o‘rtasidagi fan yo‘nalishlari bo‘yicha integratsiyani yo‘lga qo‘yish, mamlakat taraqqiyoti uchun innovatsion tashabbus va g‘oyalarni ilgari suruvchi, yuksak intellektual va ma’naviy salohiyatga ega yangi avlod kadrlarini tayyorlash, bitiruvchi o‘quvchilarda zamonaviy kasbiy ko‘nikmalarni shakllantirish bo‘yicha fikr almashildi.

 Shuningdek, 2025–2026-o‘quv yilidan boshlab “Ustoz-shogird” an’analariga asoslangan o‘quv-uslubiy faoliyatni yo‘lga qo‘yish, ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchilarini har yili o‘tkaziladigan aniq va tabiiy fanlar olimpiadalariga jalb qilish, har bir o‘quv yilida belgilangan reja-grafik asosida “Ochiq eshiklar kuni” tadbirlarini tashkil etish, o‘quvchilar uchun fan va ta’limga oid targ‘ibot ishlari doirasida ochiq darslar, seminar-treninglar, uchrashuvlar va to‘garaklar tashkil etish, shuningdek, bitiruvchi sinf o‘quvchilarining oliy ta’lim muassasalarida darsdan tashqari vaqtlarda tanishuv amaliyotlarini o‘tkazish chora-tadbirlari muhokama qilindi.