2025 yil 24 iyun kuni Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutida Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi va Germaniyaning xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) bilan hamkorlikda «Ekosertifikatga ega bo‘lish jahon bozoriga yo‘l ochadi» mavzusida seminar-trening tashkil etildi.
Seminar-treningda organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi klasterlar, fermer xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari, institut professor-o‘qituvchilari, shuningdek, mas’ul mutaxassislar ishtirok etdi.
Tadbirning asosiy maqsadi, eko-sertifikatga ega bo‘lishning ahamiyati va organik mahsulotlarni yetishtirish jarayonidagi amaliyotlarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish bo‘yicha bilim va tajriba almashish. Seminar davomida ekologik toza mahsulotlarni ishlab chiqarishning afzalliklari, organik sertifikatlashtirish tizimlari va jahon bozoriga chiqish uchun zarur bo‘lgan sertifikatlashtirish jarayonlari haqida keng ma’lumot berildi.
Germaniyaning xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) vakillari tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, ekologik qishloq xo‘jaligi sertifikatsiyasi jahon bozorida mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirishga yordam beradi. Buning natijasida, fermerlar nafaqat ichki bozorda, balki Yevropa, Osiyo va boshqa mintaqalarda ham o‘z mahsulotlarini muvaffaqiyatli sotish imkoniyatiga ega bo‘ladi.