Avval xabar berganimizdek, 2025-yil 14-sentyabr kuni Osiyo Taraqqiyot Bankining (OTB) Janubiy, Markaziy va G‘arbiy Osiyo bo‘yicha vitse-prezidenti janob Yingming Yang hamda OTB vakillari – Markaziy va G‘arbiy Osiyo departamenti bosh direktori Leah Gutierrez, Inson va ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha katta sektor direktori Ayako Inagaki va OTBning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Kanokpan Lao-Araya xizmat safari bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrif buyurdi.
Xizmat safari doirasida mehmonlar dastlab Nukus tumanida joylashgan Don va sholi ilmiy ishlab chiqarish birlashmasining tajriba maydonida o‘tkazilgan tadbirda ishtirok etdilar. Tadbirda birlashmaning ilmiy-amaliy faoliyati va erishilgan natijalari haqida ma’lumot berildi.
Shundan so‘ng delegatsiya Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutiga tashrif buyurdi. Mehmonlarni institut rektori B.Jollibekov kutib oldi va institut faoliyati, mavjud imkoniyatlari hamda amalga oshirilayotgan ilmiy-amaliy loyihalar bilan tanishtirdi.
OTB vakillarining tashrifi institut hayotida muhim voqea bo‘lib, qishloq xo‘jaligi sohasi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirishda xalqaro hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.