Davlat komissiyasi bayoniga muvofiq, 2025-2026-o‘quv yili uchun Qoraqalpog‘iston yoshlari oliy taʼlimga qabulda quyidagi 3 ta qo‘shimcha imkoniyatga ega bo‘ladi.
1-imkoniyat. 2025-yil 24-30-sentyabr kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasida doimiy yashovchi va kirish imtihonlarida 68 ball va undan yuqori natija ko‘rsatib, davlat oligohlarining kunduzgi taʼlim shakliga toʻlov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlar 500 ta maqsadli qabul parametrlari uchun ro‘yxatdan o‘tadi.
Roʻyxatdan oʻtish my.uzbmb.uz sayti orqali amalga oshiriladi. Bunda abituriyentlar talabalikka tavsiya etilgan oliy taʼlim tashkiloti va taʼlim yoʻnalishi boʻyicha tanlovda ishtirok etadi.
Roʻyxatdan oʻtgan abituriyentlar oʻtkazilgan kirish imtihonlari natijasiga koʻra toʻplagan ballari ketma-ketligiga qatʼiy rioya qilgan holda maqsadli qabul parametrlariga tavsiya etiladi.
Tavsiya etilganlar ro‘yxati belgilangan tartibda rasmiylashtirish uchun tegishli oliy taʼlim tashkilotlariga yetkaziladi.
2-imkoniyat. 2025-yil 29-sentyabrdan 6-oktyabrga qadar (shu kuni ham) Qoraqalpogʻiston Respublikasida doimiy yashaydigan hamda umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va kasbiy taʼlim tashkilotlarini tamomlagan, jumladan, muayyan xorijiy va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlariga toʻlov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan yoshlar uchun 200 ta maqsadli qabul parametrlariga abituriyent sifatida roʻyxatdan oʻtish imkoniyati yaratiladi.
Bunda:
Roʻyxatdan oʻtish my.uzbmb.uz sayti orqali amalga oshiriladi;
Roʻyxatdan oʻtgan abituriyentlar uchun 2025-yil 12-oktyabrga qadar test sinovlari oʻtkaziladi;
Oʻtkazilgan test sinovlari natijasiga koʻra abituriyentlarning toʻplagan ballari ketma-ketligiga qatʼiy rioya qilgan holda maqsadli qabul parametrlari doirasida tanlov natijalari belgilangan tartibda rasmiylashtirish uchun 2025-yil 17-oktyabrga qadar oliy taʼlim tashkilotlariga yetkaziladi.
Eslatma: roʻyxatdan oʻtgan abituriyentlardan Prezidentning PQ-4319-son (14.05.2025-y.) qaroriga muvofiq belgilangan miqdordagi toʻlov undiriladi.
Muhim. 2025-yil 15-noyabrga qadar yuqoridagi 1- va 2-imkoniyatlarga muvofiq maqsadli grant oʻrinlariga qabul qilingan talabalar bilan oliy taʼlim tashkilotini tamomlagandan keyin tegishli hududda 3 yil ishlab berish majburiyatini nazarda tutuvchi toʻrt tomonlama (hududiy hokimlik, sohaviy davlat organi (tashkiloti), talaba va oliy taʼlim tashkiloti oʻrtasida) shartnomalar rasmiylashtiriladi.
3-imkoniyat. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining murojaatiga muvofiq Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari kesimida toʻlov-kontrakt asosida respublika davlat oliy taʼlim tashkilotlariga qoʻshimcha 7 225 ta qabul parametrlari tasdiqlandi.
Bunda bazaviy toʻlov-kontrakt asosidagi qoʻshimcha qabul parametrlari davlat oliy taʼlim tashkilotlarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga abituriyent sifatida roʻyxatdan oʻtgan Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va professional (kasbiy) taʼlim muassasalarini tamomlagan, oʻtkazilgan kirish imtihonlari natijalariga koʻra 56,7 va undan yuqori ball toʻplagan, lekin talabalikka tavsiya etilmagan abituriyentlar hisobidan shakllantiriladi.
Tanlov qaydnomalari tegishli oliy taʼlim tashkilotlariga belgilangan tartibda rasmiylashtirish uchun yetkaziladi.