Prezidentimiz tomonidan yoshlarga qaratilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik natijasida bugungi kunda yurtimiz yoshlari uchun keng imkoniyatlar eshigi ochilmoqda. Bu imkoniyatlar nafaqat ularning bilim va salohiyatini rivojlantirishga, balki kelajakda yetuk mutaxassis, Vatan ravnaqi uchun xizmat qiladigan fidoyi insonlar bo‘lib yetishishiga mustahkam zamin yaratmoqda. Har haftaning payshanba kuni “Yoshlar kuni” deb belgilanishi ham bu e’tiborning amaliy ifodasidir.
🔹Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish hamda davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi Buronov Mizrob Mavlonovich ishtirokida talaba-yoshlar bilan mazmunli uchrashuv tashkil etildi. Tadbirni institutning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori M. Dauletmuratov kirish so‘zi bilan ochib berdi.

🔹Uchrashuvning asosiy maqsadi talaba-yoshlarning qiziqishlarini o‘rganish, ularning ilg‘or g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, bugungi kunda yaratilayotgan yangi imkoniyatlar haqida atroflicha ma’lumot berishdan iborat bo‘ldi. Tadbir davomida yoshlarning faolligi, bilimga chanqoqligi va yangilikka intilishi alohida e’tirof etildi.
🔹Buronov Mizrob Mavlonovich o‘z nutqida institutda yaratilgan shart-sharoitlar, zamonaviy laboratoriya xonalari va ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishganini ta’kidlab, bunday muhitda tahsil olayotgan yoshlar kelajakda yuqori natijalarga erishishiga ishonch bildirdi. Shuningdek, u yoshlarga o‘z ustida tinimsiz ishlash, bilim va ko‘nikmalarini yanada mustahkamlash zarurligini alohida uqtirdi.
🔹Uchrashuv davomida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi innovatsion rivojlanish bo‘limi yetakchi mutaxassisi Polatbaev Talgat Faxritdinovich hamda Nukus shahri yoshlar yetakchisi Lepesov Qayrat tomonidan yoshlarga yaratilayotgan imtiyozlar, grantlar, startap loyihalar va innovatsion tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
🔹Tadbir yakunida talaba-yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, mutaxassislardan aniq va mazmunli javoblar oldilar. Bu esa uchrashuvning yanada samarali va interaktiv ruhda o‘tganidan dalolat berdi.
🔹Bunday uchrashuvlar yoshlarning dunyoqarashini kengaytirish, ularni mustaqil fikrlashga undash hamda yetuk kadrlar sifatida shakllanishida muhim ahamiyat kasb etadi. Eng muhimi, bu kabi muloqotlar yoshlar qalbida kelajakka bo‘lgan ishonchni mustahkamlab, ularda yuksak maqsadlar sari intilish ruhini kuchaytiradi.

(+99861) 229-27-01
qaxai_info@tdaunukus.uz