Ilmiy safarning ikkinchi kunida Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti delegatsiyasi Germaniyaning Weihenstephan-Triesdorf University of Applied Sciences universitetida rasmiy kutib olindi.

   Tashrif doirasida universitet professorlari Prof. Michael Tröster va Prof. Iryna Tröster tomonidan universitetning tarixi, ta’lim tizimi, dual ta’lim modeli, xalqaro hamkorlik, akademik almashinuv dasturlari, ilmiy-tadqiqot faoliyati hamda talabalarga yaratilgan amaliy ta’lim imkoniyatlari bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi.

   Shuningdek, uchrashuv davomida ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida Double Degree dasturini yo‘lga qo‘yish, professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar va talabalar almashinuvini kengaytirish, dual ta’lim tizimini hamkorlikda amalga oshirish hamda qo‘shma ilmiy loyihalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

   Erishilgan kelishuvlarga muvofiq, joriy yilning sentyabr oyidan boshlab Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutida nemis tilini o‘qitish kurslarini tashkil etish belgilandi. Mazkur tashabbus talaba va professor-o‘qituvchilarning Germaniyadagi ta’lim va ilmiy almashinuv dasturlarida faol ishtirok etishiga xizmat qiladi.