O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2026 yil 2 avgustdagi 01/14-1911-sonli topshiriq asosida:2026-yil 10-14-avgust kunlari oralig‘ida Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti va Beruniy agrotexnologiyalar texnikumida «Paxta terish mashinalari mexanizatorlarini tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha nazariy va amaliy o‘quv kurslarini» o‘tkazish bo‘yicha o‘quv seminarlari tashkil etildi.
2026-yil 10-avgust kuni Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutida bo‘lib o‘tgan o‘quv seminarini Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari B.Ibrayimov, Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti prorektori Sh.Akmalov, «O‘zagroinspeksiya»ning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi texnika holatini nazorat qilish bo‘yicha sektor boshlig‘i A.Aytjanov va «O‘zagrolizing» AJ filiali direktori o‘rinbosari A.Sulaymonov, Beruniy agrotexnologiyalar texnikumida bo‘lib o‘tgan o‘quv seminarini Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumani texnika nazorati bo‘limi bosh mutaxassisi O.Xadjiev, «O‘zagrolizing» AJ filiali direktori o‘rinbosari A.Sulaymonovlar ochib berdi.
Ushbu 5 kun davom etadigan o‘quv seminarlarining asosiy maqsadi paxta terish mashinalarida ishlovchi mexanizatorlarning ish ko‘nikmalarini mustahkamlash, zamonaviy texnikalardan samarali foydalanish bo‘yicha bilimlarini oshirish, shuningdek, qishloq xo‘jaligida mexanizatsiyalash jarayonlarini yanada takomillashtirishdan iborat bo‘ladi.
O‘quv seminarda Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti «Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash» kafedrasi professor-o‘qituvchilaridan S.E.Tursimuratov, N.M.Xamidov, A.S.Baltaniyazovlar, Turkiya davlatidan «Cansa,» AQShdan «John Deere,» Xitoy davlatidan «Boshiran» va «FM World» kompaniyalarining mas’ul vakillari tomonidan Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutida va Beruniy agrotexnologiyalar texnikumida operatorlarga «Paxta terish mashinalarining rivojlanish tarixi, konstruksiyasi, turlari va texnologik ish jarayonlari,» «Paxta terish mashinasining asosiy qismlari, ularning tuzilishi va ishlash prinsipini o‘rganish,» «Terish apparatini ajratish, to‘liq yig‘ish va sozlash jarayonlarini bajarish,» «Paxta terish mashinalarining dvigatel, transmissiya va yurish qismlari va boshqa yordamchi uskunalari» va an’anada belgilab berilgan boshqa nomlarda ma’ruza va amaliy darslari o‘tildi.
Bu tadbirlar qishloq xo‘jaligi sohasida yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, mexanizatorlar salohiyatini oshirish hamda hosilni o‘z vaqtida va sifatli yig‘ib-terib olish jarayonlarini takomillashtirishga xizmat qiladi.
Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti




