2025-yilning 30-aprel kuni Yaponiyaning Yamagata universitetining «Tadbirkorlik bo‘yicha ta’lim va tadqiqot» markazi direktori Tadashi Onodera va ushbu markaz mutaxassislari Toshiaki Hattori, Ikramova Dilfuza hamda sohaga tegishli boshqa mutaxassislar Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutida mehmon bo‘ldi.
Mehmonlarni institutimiz rektori B.Jo‘llibekov va «Xalqaro aloqalar» bo‘limi boshlig‘i E. Abdullayev kutib oldi hamda uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuvni institut rektori B.Jollibekov o‘z kirish so‘zi bilan boshlab berib, institut haqida ma’lumot berdi va hozirgi kunda amalga oshirilayotgan Start-up loyihalar bilan tanishtirdi.
Shundan so‘ng «Tadbirkorlik bo‘yicha ta’lim va tadqiqot» markazi direktori Tadashi Onodera Yamagata universiteti va undagi «Tadbirkorlik bo‘yicha ta’lim va tadqiqot» markazi haqida ma’lumot berib o‘tdi hamda kelgusida institutimiz bilan hamkorlikda qishloq xo‘jaligining turli sohalariga oid bo‘lgan Start-up loyihalarni shakllantirish, ularni ishlab chiqarishga joriy etish bo‘yicha seminarlar tashkil etish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi.
Uchrashuvdan so‘ng, mehmonlar institutimizning laboratoriya xonalari bilan tanishib, bu yerda ilmiy tadqiqotlarga yaratilgan imkoniyatlarni ko‘zdan kechirdi.