Mamlakatimizda oliy ta’lim muassasalari talaba-yoshlari uchun yozgi ta’tilni mazmunli tashkil etish, ularni sport, madaniy, intellektual va ijtimoiy faol tadbirlarga keng jalb qilish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tashabbusi bilan Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutining o‘quv-dala amaliyoti maskanida “Talabalar yozgi oromgohi” tashkil etildi.
Ushbu oromgohda Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti talaba-yoshlari ham faol ishtirok etmoqda. Dolzarb 90 kun dasturi doirasida talabalar uchun qator muhim uchrashuvlar, mahorat darslari, sport musobaqalari, teatr va kino kechalari, to‘garak mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda.
Oromgohda yoshlarga qulaylik yaratish maqsadida barcha zarur sharoitlar – ovqatlanish, yashash, gigiyena, sport maydonchalari, konsert sahnalari, hamda kitobxonlik uchun maxsus zonalar – zamonaviy talablar asosida tashkil etilgan.
Talabalar uchun yaratilgan sog‘lom va quvnoq muhit, do‘stona muomala, yoshlarning intellektual va kasbiy salohiyatini rivojlantirishga xizmat qilayotgani tahsinga loyiq. Bu kabi tashabbuslar yurtimiz yoshlarining barkamol avlod sifatida shakllanishida muhim omil bo‘lmoqda.
Manba: NukusDPI matbuot xizmati