Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti qabul komissiyasi tomonidan 2025/2026-o‘quv yili uchun texnikumlarni a’lo baholar bilan tamomlagan bitiruvchilarni institutimizning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga qabul qilish maqsadida suhbat o‘tkazish boshlandi.

 Suhbatdan o‘tkazish jadvaliga muvofiq, bugun, 21-avgust kuni, Axborot-resurs markazining majlislar zalida texnikum bitiruvchilarini bakalavriatning kunduzgi, kechki va masofaviy ta’lim yo‘nalishlariga suhbat orqali qabul jarayonlari bo‘lib o‘tmoqda. Unda tegishli muassasa va tashkilotlardan vakillar, qabul komissiyasi a’zolari, professor-o‘qituvchilar ishtirok etmoqda.   

 Suhbat jarayonida bitiruvchilarning tanlagan ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tayyorgarlik darajasi, kasbiy bilim va ko‘nikmalari baholanmoqda. Har bir nomzod bilan alohida suhbatlashib, ularning bilim darajasi va tanlagan sohasiga bo‘lgan qiziqishi aniqlanmoqda.

 Bu jarayon institutning ochiqlik-oshkoralik tamoyillari asosida tashkil etilgan bo‘lib, unda barcha nomzodlar uchun teng sharoitlar yaratilgan. Shu orqali texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan yoshlar o‘zlarining akademik yo‘lini oliy ta’limda davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.