Bugun, 4 sentyabr kuni Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutida 2025-2026-o‘quv yilining ochilishiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi sektor boshlig‘i G.Xalmuratova, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirining iqtisodiyot va oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha o‘rinbosari I.Qurbonov, nuroniy ustozlar, institut jamoasi, bu yilgi yangi o‘quv yilida o‘qishga tavsiya etilgan talaba-yoshlar va ularning ota-onalari, shuningdek, OAV xodimlari ishtirok etdi.
Bayram tadbirini institutning Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha birinchi prorektori M.Davletmuratov ochib berdi va Institutimiz rektori B.Jollibekovning bayram tabrigini o‘qib eshittirdi. Shundan so‘ng ishtirokchilarni mustaqilligimizning 34 yillik bayrami, shuningdek, yangi o‘quv yilining boshlanishi bilan tabrikladi.
Shu bilan bir qatorda nuroniy ustozlar so‘zga chiqib, barcha ishtirokchilarga o‘zlari bosib o‘tgan ilm yo‘lidagi mashaqqatlar hamda bugungi kunda yoshlarga qaratilayotgan alohida e’tibor va imtiyozlardan oqilona foydalanib yuqori natijalarga erishishlariga tilak bildirdi.
Shundan so‘ng yangi o‘quv yilida yuqori natijalar bilan talabalik baxtiga muyassar bo‘lgan yoshlarimizga ilm sandig‘ining kaliti va talabalik guvohnomalari topshirildi.