Bugun, 19-sentabr kuni Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti Matbuot xizmati tashabbusi bilan respublika va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari uchun “1-kursga qabul qilingan talaba-yoshlarni institut faoliyati bilan yaqindan tanishtirish va fakultetlar faoliyati haqida batafsil ma’lumot berish” mavzusida media-tur o‘tkazildi.

 Tadbirni institut rektori B.Jollibekov ochib berdi. U ishtirokchilarga institut faoliyati, mavjud imkoniyatlar, xalqaro maydondagi bugungi o‘rni haqida batafsil ma’lumot berdi. Shuningdek, OAV vakillari hamda 1-kurs talabalari e’tiboriga Yaponiyalik talabalarning institutimiz talabalari bilan birgalikda olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari taqdim etildi hamda xalqaro hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish masalalarida olib borilayotgan ishlarning natijalari bilan tanishtirildi.

 Media-tur doirasida jurnalistlar uchun institut bo‘ylab sayohat tashkil etildi. Unda mehmonlar zamonaviy ilmiy laboratoriyalar, issiqxonalar faoliyati, u yerdagi ilmiy-tadqiqot ishlari hamda talabalarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.

 Tadbir yakunida OAV vakillari bunday ochiq muloqotlar nafaqat institut hayotini keng yoritish, balki ta’lim tizimidagi yutuq va muammolarni jamiyatga yetkazishda ham muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar.

 Shuningdek, bu yil talabalik baxtiga muyassar bo‘lgan yoshlar ham o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashib, bunday tadbirlar ularni o‘qish jarayonida yanada ruhlantirishi, mavjud imkoniyatlar bilan yaqindan tanishishlarida katta ahamiyatga ega ekanini alohida qayd etdilar.