2025-yil 23-oktyabr kuni Nukus shahridagi «1-sonli Sport maktabi» majmuasida «Kelajakka qadam» dasturi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilari uchun «TalabaExpo-2025» kasbiy ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.

 Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri A.Ayapov, Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti birinchi prorektori M.Davletmuratov, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor N.Absattarov, «Kelajakka qadam» dasturini muvofiqlashtiruvchi «Registrator ofis» bo‘limi talabalarga xizmat ko‘rsatish menejeri G.Pirniyazova, fakultet dekanlari, yoshlar yetakchilari hamda «O‘zmilliybank» AJ, «Kelajakka qadam» markazi, bank-moliya tashkilotlari va xususiy sektor vakillari ishtirok etdi.

 Ko‘rgazmaning asosiy maqsadi bitiruvchi talabalar bandligini ta’minlash, ularni mehnat bozoriga tayyorlash, shuningdek, yosh tadbirkorlarning startap g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat bo‘ldi. Tadbir davomida 80 dan ortiq korxona va tashkilotlar tomonidan 700 dan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari taqdim etildi. Bitiruvchi talabalar o‘z mutaxassisliklariga mos bo‘lgan bo‘sh ish o‘rinlari bilan tanishib, amaliyot va stajirovka dasturlarida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

 Shuningdek, tadbir doirasida seminar-treninglar tashkil etilib, unda tajribali tadbirkorlar – «Kaypanov Development Group» MCHJ raisi A.Kaypanov, «Cake Bumer Pastry» korxonasi asoschisi M.Mamutova, «Essima Academy & Cosmetology» MCHJ rahbari S.Asanova va «Biogumus» MCHJ rahbari Sh. Niyozimbetov o‘zining muvaffaqiyat yo‘llari, ish tajribalari va biznesdagi muvaffaqiyat sirlarini yoshlar bilan bo‘lishdi.

 «O‘zmilliybank» AJ va «Kelajakka qadam» markazi vakillari tomonidan talabalarga Prezidentning 2025-yil 14-fevraldagi PQ-61-sonli qarori asosida berilayotgan imtiyozli kreditlar va moliyaviy savodxonlik masalalari bo‘yicha batafsil tushuntirish berildi. Ushbu dastur yoshlarning startap loyihalarini amaliyotga tatbiq etish va o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishda muhim imkoniyat yaratib bermoqda.

 Tadbir yakunida institutning iqtidorli talabalari o‘zlarining biznes loyihalarini taqdim etib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri A.Ayapov tomonidan «Tashakkurnoma» bilan taqdirlandi.

 Tashakkurnoma bilan taqdirlangan talabalar ro‘yxati:

 Shiniboyev Tursunboy Sultonovich – Agronomiya, 3-kurs.

 Karimullayev Jumabek Nuratdin o‘g‘li – Qishloq xo‘jaligi mexanizatsiyasi

 Kenesbayeva Biybisanam Sharofat qizi – Baliqchilik, 4-kurs

 Kadrimbetova Tumaris Sabidovna – Yurisprudensiya, 4-kurs

 Xudoyan Oksana Askarovna – Issiqxona xo‘jaligi, 4-kurs.

 Qayipberganov Alimbek Kuatbaevich – Agronomiya, 4-kurs

 Bekbergenova Aygul Uzaqbayevna – Ekologiya, 3-kurs

 Ibraimova Umida Alimbay qizi – Kadastr, 2-kurs

 Joldasbayeva Hurliman Salamat qizi – Baliqchilik, 1-kurs

 Saburova Shaxnoza Madiyar qizi – Axborot tizimlari va texnologiyalari

 Mazkur ko‘rgazma bitiruvchi talabalarga amaliy tajriba orttirish, mehnat bozorida o‘z o‘rnini topish va kelgusidagi muvaffaqiyatli faoliyati uchun mustahkam zamin yaratdi.