Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutida bugun O‘zbekiston Respublikasi «Tasvir oynasi» ijodiy uyushmasi tomonidan tashkil etilgan «Tabiatni asrab-avaylash – insonni, Vatanni asrab-avaylash demak» mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
 Tadbirni institutning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori M.Davletmuratov ochib berib, tabiatni muhofaza qilish yo‘nalishida yoshlarda ekologik madaniyatni shakllantirishning ahamiyatini ta’kidladi.

 Tadbir doirasida tabiat inson hayoti uchun muqaddas ne’mat ekani, uni asrab-avaylash har bir fuqaroning burchi ekani alohida ta’kidlandi. So‘zga chiqqanlar tomonidan ekologik madaniyatni yuksaltirish, resurslardan oqilona foydalanish, daraxt ekish, chiqindilarni to‘g‘ri saralash kabi masalalar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

 Shuningdek, Prezidentning 2025 yil 15 maydagi PQ-184-sonli qarorida belgilangan «Aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasi» to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.

 Tadbirda quyidagi tashkilot va vakillar ishtirok etdi:

O‘zbekiston Respublikasi «Tasviriy oyina» ijodiy uyushmasi raisi – Isfandiyor Latipov;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi – Aytjanov Askar

O‘zbekiston Ekologik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi – Begimova Aysanem

O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi – Tojixodjayeva Zuxra

 Tadbir davomida mehmonlar tomonidan yoshlar o‘rtasida ekologik madaniyatni oshirish, tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi rejalar haqida ma’ruzalar qilindi.

 Ko‘rgazma tashkil etildi
 Shuningdek, «Tasviriy oyina» ijodiy uyushmasi tashabbusi bilan respublika bo‘ylab o‘tkazilayotgan ko‘chma foto va tasviriy san’at asarlari ko‘rgazmasining navbatdagi manzili sifatida institutda ham ijodiy ishlar namoyish etildi.

 Tadbir yakunida tabiatni asrab-avaylash – bu inson salomatligi, uning kelajagi va butun Vatan taraqqiyoti uchun xizmat qilish ekani ta’kidlandi. Ekologik madaniyatni yuksaltirishda har bir yoshning faolligi va mas’uliyati muhimligi ta’kidlandi.
 «Tabiatni bezavol asrash – kelajak avlodga eng bebaho merosdir,» degan g‘oya tadbirning bosh mazmuni bo‘lib xizmat qildi.