Hurmatli professor-o‘qituvchilar, aziz talaba-yoshlar va institut jamoasi!
“Ko‘ksaroy” qarorgohida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev boshchiligida 24-fevral kuni bo‘lib o‘tgan yoshlar bilan ochiq muloqot, bildirilgan fikr va mulohazalar, ilgari surilgan g‘oya va tashabbuslar Yangi O‘zbekistonda yoshlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar va e’tiborning yuksak namunasi bo‘ldi. Bugungi kunda yoshlar mamlakat taraqqiyoti va yurt tayanchi sifatida ko‘rilib, yuksak ishonch bildirilmoqda. Yoshlarimiz ham o‘z bilimi, shijoati, umid va intilishlari bilan o‘zlarini namoyon etib, eng yuqori marralarni egallashga qodirligini isbotlamoqda.
Yoshlar bilan muhtaram Prezidentimiz shaxsan uchrashib ochiq muloqot qilishi, dildan suhbatlashishi Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan yoshlarga oid siyosatning eng yorqin va unutilmas voqeasidir. Bugungi kunda mamlakatimiz aholisining aksariyati yoshlardan iborat. Davlatimiz rahbari muloqot chog‘ida buni alohida ta’kidlar ekan, “Yurtimizdagi 22 milliondan ziyod yoshlarimiz timsolida biz juda katta ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy kuchni ko‘ramiz” dedi.
Bugungi kunda yoshlarimiz qo‘lga kiritayotgan muvaffaqiyatlar, erishayotgan yangidan-yangi marralar ham, bunga zamin bo‘layotgan imkoniyatlar ko‘lami ham tobora ortib bormoqda. Mamlakatimizda yaratilgan keng imkoniyatlar natijasida so‘ngi yillarda yoshlarimiz jahon fan olimpiyadalarida 66 ta oltin, 147 ta kumush, 221 ta bronza medallarini qo‘lga kiritdi. Muloqotda ta’kidlanganidek har yili mehnat bozoriga 600 ming yosh kirib kelmoqda. 2030-yilga borib bu ko‘rsatkich 1 millionga yetadi. Bu, o‘z navbatida, ularni o‘z qiziqish va imkoniyatiga mos ta’lim-tarbiya berish, kasb-hunarga o‘rgatish va ish bilan ta’minlashni eng ustuvor vazifa ekanligini anglatadi.
Muloqot davomida davlatimiz rahbari tomonidan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida ilgari surilgan 32 ta muhim tashabbuslari biz, oliy ta’lim sohasi vakillari uchun ahamiyatli vazifadir. Ushbu tashabbuslarni ijrosini ta’minlash uchun kerakli barcha zarur choralarni ko‘rish oliy ta’lim sohasida faoliyat yuritayotgan barcha mas’ullarning burchidir. Ayniqsa, oliy ta’lim muassasalari mazkur ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlashda faollik ko‘rsatib, mehnat bozori talablariga mos, raqobatbardosh va yuqori malakali kadrlar tayyorlash orqali yoshlar bandligini ta’minlashga munosib hissa qo‘shishi zarur. Chunki, oliy ta’lim tizimining samaradorligi mamlakatning barqaror taraqqiyoti va iqtisodiy rivojlanishini ta’minlovchi muhim omil hisoblanadi.
Qishloq xo‘jaligi sohasi bugun oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, sanoat tarmoqlari uchun zarur bo‘lgan mahsulotlarini yetkazib berish, eksport salohiyati va innovasion taraqqiyotning hal qiluvchi omiliga aylanmoqda. Demak, institutimizda tayyorlanayotgan har bir mutaxassis Yangi O‘zbekiston kelajagining bunyodkoridir.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan har payshanba mamlakatimizda “Yoshlar kuni” sifatida belgilandi. Institutimizda ham har hafta talabalar muammolarini tinglash, tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va aniq yechimlar qabul qilish tizimi joriy etilmoqda. Shuningdek, bitiruvchi yoshlar bandligini ta’minlashga qaratilgan keng qamrovli ishlar amalga oshiriladi. Institutda dual ta’lim tizimini joriy etish, ishlab chiqarish korxonalari bilan integratsiyani mustahkamlash orqali talabalarni o‘qish jarayonidanoq amaliy faoliyatga jalb etish va ular uchun doimiy ish o‘rni yaratish muhim vazifa sifatida belgilab olinmoqda.
Yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha 200 million dollar ajratilishi, kredit miqdorlarining 300 million so‘mdan 10 milliard so‘mgacha oshirilishi – bu davlatimiz tomonidan yaratilayotgan ulkan imkoniyatdir. “Kelajak tadbirkori”, “Ko‘mak”, “Mening birinchi kasbim” dasturlari doirasida garovsiz 20 million so‘mgacha, yangi biznes boshlayotganlarga 300 million so‘mgacha, faoliyatini kengaytiruvchilarga 2 milliard so‘mgacha, 5 nafar bitiruvchini ishga olganlarga 10 milliard so‘mgacha kreditlar ajratiladi.
“Kelajakka qadam” tashabbusi va innovasion xablar g‘oyasi yoshlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Bu tashabbus orqali yoshlar o‘z g‘oya va startaplarini amalga oshirish, zamonaviy texnologiyalar bilan ishlash va o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish imkoniga ega bo‘lishadi. Prezidentimizning bu tashabbusi, yoshlarni tadbirkorlikka keng jalb qilish siyosatiga to‘la mos keladi. “Yangi avlod tadbirkorlari” dasturi doirasida Harvard University va Stanford University kabi nufuzli oliygohlar bilan hamkorlikda 40 ming yoshni biznesga o‘qitish rejalashtirilgani – global raqobatbardoshli kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi. Institutimizda yoshlarni horijiy tillarga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish, xorijiy til sertifikatlari sonini oshirish, xorijiy qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish ustuvor vazifa bo‘lib qoladi.
“Innovasion startap”larga 100 ming dollargacha investisiya kiritishga ruxsat berilishi, “O‘sish va rivojlanish” dasturi doirasida 2 milliard so‘m ajratilishi qishloq xo‘jaligi sohasida ta’lim olayotgan yoshlari uchun keng yo‘l ochadi. Texnikum va oliy ta’lim muassasalarida startaplarga 1 milliard so‘mgacha moliyaviy yordam berilishi esa yoshlarni ilmiy-amaliy izlanishga zamin yaratiladi. “Mening birinchi kasbim” dasturi orqali bitiruvchilarga oyiga 2 million so‘mgacha stajirovka stipendiyasi to‘lanishi bitiruvchilarimiz uchun katta tajriba maktabidir. “Work and travel” dasturlari va xorijiy stajirovkalar orqali talabalarimiz xalqaro mehnat bozoriga chiqish imkoni yanada kengayadi.
“Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish” jamg‘armasi orqali ijodkorlarga oyiga 20 million so‘m haq to‘lanishi, eng faol kitobxonlarga mukofot berilishi – yoshlar ma’naviyatini yuksaltirishga xizmat qiladi. Institutimizda ham kitobxonlikni targ‘ib qilish, ilmiy tafakkur va mafkuraviy immunitetni mustahkamlash bo‘yicha tizimli ishlar yanada kuchaytiriladi. Institutda yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilishga qaratilgan tanlovlar turlari kengaytiriladi.
Hurmatli hamkasblar! Bugundan boshlab har birimiz yoshlar bilan ishlashning mutlaqo yangi tizimiga o‘tishimiz shart. Prezidentimiz belgilab bergan vazifalar ijrosi institutimizda aniq “yo‘l xaritasi” asosida ta’minlanadi.
Aziz talaba-yoshlar! Bugun Sizlarga keng imkoniyatlar eshigi ochilmoqda – grantlar, startap loyihalar uchun kreditlar, investisiyalar, kasblarni egallashga oid yangi dasturlar, xalqaro ta’lim olish imkoniyatlari shular jumlasidandir. Ayni vaqtda Sizlardan bilim olish, kasb-hunarni o‘rganish, xorijiy tillarni egallash va yaratilgan keng imkoniyatlardan samarali foydalanish talab etiladi.
Ishonchim komilki, biz birgalikda kelajagimiz poydevori bo’lgan Yangi O’zbekistonni yuksak bilim, ilmiy salohiyat va zamonaviy texnologiyalar asosida birgalikda bunyod etamiz!
Hurmat bilan,
Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar
instituti rektori v.v.b. N.A.Absattarov.
(+99861) 229-27-01
qaxai_info@tdaunukus.uz