Bayram munosabati bilan institut hududi milliy naqshlar, rang-barang gullar va bayram manzaralari bilan bezatilib, haqiqiy Navro‘z kayfiyatini aks ettirdi. Ayniqsa, Navro‘zning ajralmas ramzi bo‘lgan sumalak tayyorlash jarayoni talaba-yoshlar, ustozlar va xodimlar ishtirokida an’anaviy tarzda tashkil etilib, katta qozonlarda ezgu tilaklar, niyatlar va duolar bilan qaynadi. Bu jarayon bayramga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.
Tantanali bayram tadbirida institut rektori vazifasini bajaruvchi N.Absattarov, Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha birinchi prorektor M.Davletmuratov va ilmiy ishlar bo‘yicha prorektor Sh. Akmalovlar so‘zga chiqib, barcha jamoani Navro‘z bayrami bilan samimiy tabrikladi. Ular o‘z chiqishlarida Navro‘zning insonparvarlik, mehr-oqibat, hamjihatlik va yangilanish g‘oyalarini targ‘ib etadigan muhim bayram ekanini alohida ta’kidlab, talaba-yoshlarga kelajakda ulkan yutuqlarga erishishini tiladi.
Bayram davomida turli milliy o‘yinlar, sport musobaqalari va ko‘rgazmalar ham tashkil etilib, ishtirokchilarning faol ishtiroki ta’minlandi. Bu tadbirlar talaba-yoshlar o‘rtasida do‘stlik, hamjihatlik va sog‘lom raqobat muhitini yanada mustahkamladi.
Ushbu Navro‘z tantanasi institut hayotida muhim voqea bo‘lib, barcha ishtirokchilarga bahoriy kayfiyat, unutilmas lahzalar va yorqin xotiralar ulashdi.
Navro‘z bayrami munosabati bilan «Navro‘zni ulug‘lash – insonni ulug‘lashdir!» shiori ostida o‘tkazilgan bayram tadbirlari yuksak saviyada, ko‘tarinki ruhda tashkil etildi. Ushbu bayram doirasida o‘tkazilgan sayillar milliy an’analar, qadriyatlar va urf-odatlarning yorqin ifodasiga aylandi. Rang-barang teatrlashtirilgan konsert dasturlarida xalqimizning boy madaniy merosi, kuy-qo‘shiqlari, raqs san’ati va sahna ko‘rinishlari keng namoyish etilib, tomoshabinlarga unutilmas taassurotlar ulashildi.
Shuningdek, «Talabalar bahori» festivali yoshlarning ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularning san’at va madaniyatga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etdi. Festival davomida talaba-yoshlar o‘z iste’dodlarini turli yo‘nalishlarda namoyish etib, bahoriy kayfiyat va yangilanish ruhini yanada ulug‘ladi.
Umuman olganda, Navro‘z bayrami tadbirlari xalqimizning hamjihatligini, mehr-oqibatini va ezgu qadriyatlarini ulug‘lab, har bir inson qalbida g‘urur-iftixor tuyg‘ularini mustahkamladi.
