2026-yil 3-iyul kuni Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti rektori N. Absattarov hamda Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Sh. Akmalov Germaniyaning Weihenstephan-Triesdorf University of Applied Sciences universitetiga Erasmus+ dasturi doirasida rasmiy ilmiy xizmat safarini amalga oshirdi.
Mazkur tashrif 2023-yildan buyon muvaffaqiyatli davom etayotgan ikki universitet o‘rtasidagi xalqaro hamkorlikning navbatdagi muhim bosqichi bo‘lib, ilmiy tadqiqotlar, ta’lim, akademik almashinuv va xalqaro loyihalarni yanada rivojlantirishga qaratilgan.
Tashrif davomida Germaniyada talabalar amaliyotini tashkil etish, dual ta’lim tizimini joriy etish, akademik almashinuv dasturlarini kengaytirish, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish hamda istiqboldagi hamkorlik yo‘nalishlari yuzasidan muzokaralar olib borildi.
Ushbu tashrif institutning xalqaro hamkorligini mustahkamlash, ta’lim sifatini oshirish hamda professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi. Ma’lumot uchun Weihenstephan-Triesdorf University of Applied Sciences (HSWT) haqida
Weihenstephan-Triesdorf University of Applied Sciences (HSWT) Germaniyaning qishloq xo‘jaligi, agrotexnologiyalar, ekologiya va oziq-ovqat texnologiyasi yo‘nalishlarida ixtisoslashgan yetakchi amaliy universitetlaridan biri hisoblanadi. 1971-yilda tashkil etilgan universitet Bavariyaning Freising va Triesdorf kampuslarida faoliyat yuritadi.

