☄️Bitiruvchi talabalar uchun akademik halollik bo‘yicha seminar-trening
 
Joriy yilning 8-oktyabr kuni Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutida bitiruvchi kurs talabalari uchun «Mualliflik huquqi, plagiat va akademik halollik» mavzusida seminar-treninglar o‘tkazildi. Tadbirni institut Magistratura bo‘limi boshlig‘i N.A.Absattarov va Registrator ofis boshlig‘i D.B.Ramazanov olib bordi.

Dastlab, Magistratura bo‘limi boshlig‘i N.A.Absattarov mualliflik huquqining huquqiy asoslari, ilmiy ishni bajarishda boshqa mualliflarning asarlaridan foydalanish tartibi va iqtibos keltirish qoidalari haqida to‘xtalib o‘tdi. U talabalarning e’tiborini ilmiy mehnatni yaratuvchi har bir muallifning huquqi qonun bilan himoya qilinishiga qaratdi.

Undan keyin, Registrator ofis boshlig‘i D.B.Ramazanov esa bitiruv malakaviy ishlarini antiplagiat tizimida tekshirishdan o‘tkazish tartibi, haqiqiylik (originallik) darajasiga qo‘yiladigan talablar va tekshirish natijalari bo‘yicha yuzaga keladigan javobgarlik masalalariga to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, u talabalarga adabiyotlar ro‘yxatini to‘g‘ri rasmiylashtirish va foydalanilgan manbani ko‘rsatish bo‘yicha amaliy maslahatlar berdi.

Seminar davomida akademik halollik nafaqat talab, balki ilmiy ishning sifati va muallifning obro‘sini belgilaydigan asosiy tamoyillardan biri ekani ta’kidlandi. Bitiruvchi talabalar o‘z ishlarini tayyorlash jarayonida uchraydigan savollar bo‘yicha javoblar oldi.