JICA vakillari bilan xalqaro hamkorlik va volontyorlik dasturlarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
Joriy yilning 13-oktabr kuni Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutiga Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi volontyorlar dasturi koordinatorlari Yamaguchi Koji va Odilxon Xasanov tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida institut rektori M.Dauletmuratov, prorektor Sh.Akmalovlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda institutda faoliyat yuritayotgan yaponiyalik volontyorlarning ish faoliyati, ilmiy izlanishlari, ta’lim jarayonidagi ishtiroki hamda institut hayotiga moslashuvi bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida yangi kelgan volontyorlarni tegishli kafedralarga biriktirish, ularning ilmiy-tadqiqot ishlarini qo‘llab-quvvatlash, professor-o‘qituvchilar bilan hamkorligini kuchaytirish va mavjud ilmiy salohiyatdan samarali foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, kelgusida institutga yangi yaponiyalik volontyorlarni jalb qilish, ularning faoliyat yo‘nalishlarini institut ehtiyojlaridan kelib chiqib belgilash hamda xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha fikr almashildi. Uchrashuv yakunida mazkur yo‘nalishlarda hamkorlikni davom ettirish va belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Mazkur tashrif institutda xalqaro tajribani ommalashtirish, ilmiy va ta’lim faoliyatini rivojlantirish hamda O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi ta’lim sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

