Fakultet dekani

Sultanov Elimbet Kalimbetovich

Telefon: +99891-390-20-09,

E-mail: sultanovelimbet@gmail.com

Fakul`tet tarixi

    O‘tgan asrning 70-yillariga kelib, respublikamizda qishloq xo‘jaligi sohasini tubdan rivojlantirish, eng asosiy talab barcha sohalar uchun yuqori malakali bilim va ko‘nikmaga ega qishloq xo‘jaligi mutaxassislarining yetishmasligi yaqqol sezildi, shuning uchun, Hukumatimiz tomonidan Nukus davlat pedagogika instituti negizida, Nukus davlat universiteti tashkil etilib, uning tarkibida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 1976-yil 2-fevraldagi qarori asosida «Qishloq xo‘jaligi-iqtisodiyot» fakulteti o‘z faoliyatini boshladi.

    Fakultetning birinchi dekani qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, dotsent Zaripboy To‘xtaboyev bo‘ldi. U ilgari, Qoraqalpog‘istonning qishloq xo‘jaligi vaziri bo‘lib ishlagan, yuqori ma’lumotli, qishloq xo‘jaligi sohasini to‘liq egallagan, yuqori ish tajribasiga ega inson bo‘lishi bilan talaba yoshlar, professor-o‘qituvchilar, yurtimizda barcha hurmat qiladigan rahbar bo‘lib, fakultetning moddiy-texnik bazasining rivojlanishi uchun bir qancha mehnat qildi.

    O‘sha davrda fakultetda 2 ta kafedra tashkil etilgan bo‘lib, ular «Dehqonchilik» va «Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash» kafedralari bo‘lib, «Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash» kafedrasini 1978-1979-yillarda texnika fanlari nomzodi, dotsent Solih Davlataliyev boshqardi.

    Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash bo‘limida talabalar kontingentining haddan tashqari ko‘p bo‘lishiga va kafedrada ilmiy darajali o‘qituvchilarning ko‘payishiga bog‘liq holda 1979-yili «Umumiy texnik fanlar» va «Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash» kafedralari qayta tashkil etildi. 1981-yildan boshlab, yangi «Traktorlar va avtomobillar» kafedrasi tashkil etildi. «Traktorlar, avtomobillar va qishloq xo‘jalik mashinalari» kafedrasini 1981-1985-yillari texnika fanlari nomzodi O‘ngarbay Auezov, «Umumiy texnika fanlari» kafedrasini esa texnika fanlari nomzodi Auesbay Utegenov boshqardi. 1979-1982-yillari «Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash» kafedrasiga texnika fanlari nomzodi To‘legen Bozorboyev, 1982-84-yillari «Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash» kafedrasiga texnika fanlari nomzodi, dotsent Asqar Xo‘jamuratov, 1984-1987-yillari texnika fanlari nomzodi B.A.Loc, 1987-yildan boshlab, texnika fanlari nomzodi, dotsent Sarsenbay Shamshetov rahbarlik qildi.

    1991-yilga kelib, Qoraqalpoq davlat universiteti rektoratining taklifi bilan «Qishloq xo‘jaligi va iqtisodiyot» fakultetida talabalar sonining keskin ortishi va professor-o‘qituvchilarning ilmiy darajasining yuksalishi natijasida, yuqorida nomlangan fakultet negizida «Agronomiya» (dekani, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor Genjemurat Shamuratov), «Iqtisodiyot» (dekani, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Amaniyaz Matekeev) va «Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash» (dekani, texnika fanlari nomzodi, dotsent Sarsenbay Shamshetov) fakultetlari tashkil etildi.

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1992-yil 28-fevraldagi «Respublikada yangi o‘quv yurtlarini tashkil etish to‘g‘risida»gi Farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 11-martdagi qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Hay’atining 1992-yil 26-apreldagi No4/5 qaroriga asosan, Qoraqalpoq davlat universitetining «Agronomiya» hamda «Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash» fakultetlari bazasida Toshkent davlat agrar universitetining Nukus filiali tashkil etilib, direktor lavozimiga texnika fanlari nomzodi, dotsent Sarsenbay Shamshetov tayinlandi, u ushbu o‘quv yurti direktori lavozimida muvaffaqiyatli mehnat qildi.  1992-1994 yillarda «Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash» fakulteti o‘z faoliyatini amalga oshirdi va fakultetga texnika fanlari nomzodi, dotsent O‘ngarbay Avezov rahbarlik qildi.

    Keyinchalik, 1995-2003-yillarda, Toshkent davlat agrar universitetining Nukus filiali talabalari va professor-o‘qituvchilari Qoraqalpoq davlat universitetining «Agrar» fakultetiga o‘zgartirilib, fakultet dekani sifatida qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, dotsent Q.Aytbayev boshqardi. Agrar fakultetida «O‘simlikshunoslik» kafedrasi, boshlig‘i qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, dotsent Tamara O‘serbayeva, «Umumiy texnik fanlar» kafedrasi, boshlig‘i texnika fanlari nomzodi, dotsent Abdulla Radjapov (1995-2000 yillar), texnika fanlari nomzodi, dotsent O‘ngarbay Auezov (2000-2003 yillar) va «Mashinalardan foydalanish, ishonchliligi va ta’mirlash» kafedrasi, boshlig‘i texnika fanlari doktori, professor Sarsenbay Shamshetov (1995-2000 yillar) va texnika fanlari nomzodi, dotsent Elimbet Sultanov rahbarlik qildi va ular fakultet professor-o‘qituvchilarining ilmiy darajasini oshirish, talabalarga mutaxassislik talablari asosida bilim, ko‘nikma berish va qoraqalpoq tilida darslik, o‘quv qo‘llanmalar tayyorlash, nashr etish masalalarida bir qancha yutuqlarga erishdi.

    Fakultet 2003-2004 o‘quv yilida yana Toshkent davlat agrar universiteti Nukus filialiga aylantirilib, 2003-2004 o‘quv yilida «Agroinjeneriya» fakultetini texnika fanlari doktori, professor O‘ngarbay Avezov boshqardi. 2004-2010-yillarda «Agronomiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash» fakultetini texnika fanlari nomzodi S.Aminov boshqardi. 2010-2015-yillarda fakultet dekani lavozimida biologiya fanlari nomzodi, dotsent N.Absattarov faoliyat yuritdi.

    O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 3-noyabrdagi «Qishloq va suv xo‘jaligi sohalarini oliy ma’lumotli kadrlar bilan ta’minlashni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 311-sonli qaroriga muvofiq Toshkent davlat agrar universiteti Nukus filiali tarkibiga kiritilgan o‘zgarishlarga asosan «Agronomiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash» fakulteti «Agronomiya» va «Agroinjeneriya» fakultetlari etib qayta tashkil etildi va «Agroinjeneriya» fakultetiga texnika fanlari nomzodi Satniyaz Allaniyazov rahbarlik qildi.

    O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4-may kungi «Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 275-sonli qarori asosida Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti tashkil etildi. Institutda hozirgi kunda uchta fakultet: «Agrobiologiya va o‘rmonchilik,» «Zooinjeneriya» hamda «Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash va suv xo‘jaligi» fakultetlari talabalarga chuqur bilim berib kelmoqda.

    2023-yilning 25-yanvaridan boshlab, «Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash va suv xo‘jaligi» fakulteti dekani bo‘lib, pedagogika fanlari doktori, texnika fanlari nomzodi, professor Elimbet Sultanov rahbarlik qilib kelmoqda.

    «Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash va suv xo‘jaligi» fakultetida «Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash» kafedrasi mudiri texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Sapar Turdimuratov, «Suv xo‘jaligi va yerdan foydalanish» kafedrasi mudiri, texnika fanlari nomzodi, dotsent Oltin Jumanazarova, «Agrobiznes va buxgalteriya hisobi» kafedrasi mudiri, iqtisodiyot fanlari nomzodi, dotsent Botir Mirzayev va «Gumanitar fanlar va tillar» kafedrasi mudiri, tarix fanlari nomzodi, dotsent Zulqumar Qonlibekovalar hamda 90 ga yaqin professor-o‘qituvchilar talabalarga mutaxassislik sirlarini o‘rgatib kelmoqda.

 

Fakultetda quyidagi mutaxassisliklar tayyorlanadi:

  1. 60410100 – Iqtisodiyot.
  2. 60410800 – Menejment;
  3. 60410900-Biznesni boshqarish
  4. 6042010-Yurisprudensiya (Qishloq xo‘jaligi sohasida)
  5. 6081010-Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish
  6. 6811200-Suv xo‘jaligi va melioratsiya
  7. 60811300-Gidrotexnika inshootlari va nasos stansiyalaridan foydalanish
  8. Yer kadastri va yerdan foydalanish

   

    So‘nggi uch yilda fakultet professor-o‘qituvchilari o‘zlarining ilmiy darajalarini oshirish bo‘yicha bir qancha ilmiy ishlar qildilar va ilmiy ishlarini yakunlab, dissertatsiya kengashlarida A.Baltaniyazov, S.Orinbayeva, S.Turdimuratov, A.Qurbaniyazov, G.Kidirbayeva, A.Saparov, J.Baltashev, O.Seytmuratovlar ilmiy ishlarini himoya qildilar va O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan tasdiqlangan ilmiy daraja diplomlarini oldilar.

    Talabalarning o‘zlari tanlagan mutaxassisliklari bo‘yicha mutaxassislik talablariga mos bilim, ko‘nikma va tajribalarini takomillashtirish, o‘quv rejasida ko‘rsatilgan majburiy va tanlov fanlardan nazariy bilimlarini oshirish maqsadida «Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash va suv xo‘jaligi» fakulteti professor-o‘qituvchilari: O.Avezov, E.Sultanov, N.Reymov, A.Djumanazarova, O.Aknazarov, B.Mirzayev, Z.Qanlibekova, Sh.Kunnazarova, B.Utepbergenov, N.Xamidov, B.Nuraboyev, I.Asamatdinov, B.Ramazanovlar 2023-yildan shu kungacha darsliklar va o‘quv qo‘llanmalarni tayyorlab nashrdan chiqardilar va ularga O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan nashr ruxsatnomalari olindi va bu darsliklar va o‘quv qo‘llanmalar fakultet o‘quv jarayonida foydalanilmoqda.

    Shuningdek, fakultetning «Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash» mutaxassisligi talabasi Dilanova Gulziba Gulimbet qizi 2024-2025 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim muassasalari bakalavrlari uchun tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi sohibi bo‘ldi (O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 11.12.2024-yildagi 464-sonli buyrug‘i) va fakultetning «Agrobiznes va innovatsion faoliyat» mutaxassisligi talabasi Jaksimova Zuxra Rustem qizi 2024-2025-o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim muassasalari bakalavrlari uchun tashkil etilgan Islom Karimov davlat stipendiyasi sohibi bo‘ldi (O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 11.12.2024-yildagi 464-sonli buyrug‘i).