O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-apreldagi PQ-3682-sonli hamda 2018-yil 7-maydagi PQ-3698-sonli qarorlariga muvofiq mamlakatimizda har yili xalqaro innovatsion-investitsion forumlar va interaktiv innovatsiyalar yarmarkalarini tashkil etish an’anaga aylangan. 9–11-oktabr kunlari “Chegarasiz g‘oyalar” shiori ostida o‘tadigan “InnoWeek-2025” innovatsion g‘oyalar haftaligi doirasida Nukus davlat texnika universitetida “Ilmiy ishlanmalar ko‘rgazmasi va startaplar festivali” bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston davlat madhiyalari yangrashi bilan boshlandi. So‘ngra festivalni Nukus davlat texnika universiteti ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori M. Artikbayev ochib berdi.
Mazkur ko‘rgazma va festivalda 60 ga yaqin loyiha namoyish qilindi. Tadbirda instutimiz professor-o‘qituvchilari ham o‘z innovatsion ishlanmalari bilan faol ishtirok etdilar. Jumladan, D. Ramazanov “Gidropanel” loyihasi, N. Xamidov “Qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish uchun tuproqqa tasmali ishlov berish agregati” ishlanmasi va D. Xayitboyev “Qizil nur” navini taqdim etdi.
Taqdirlash marosimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi sektor boshlig‘i J. Oserbayev, Nukus davlat texnika universiteti prorektori M. Artikbayev, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti prorektori I. Turdimambetov va Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti prorektori v.v.b. A. Sayimbetovlar so‘zga chiqib, barcha ishtirokchilarga minnatdorchilik bildirdilar.
“InnoWeek-2025”da ishtirok etish uchun yo‘llanmani qo‘lga kiritgan 20 ta loyiha mualliflari hamda oliy ta’lim muassasalari vakillari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining tashakkurnomasi bilan taqdirlandilar. Shuningdek, barcha ishtirokchilarga Nukus davlat texnika universiteti nomidan tashakkurnomalar topshirildi.