Mazkur tadbir Shveysariya hukumati tomonidan moliyalashtirilayotgan Iqtisodiy masalalar bo‘yicha Davlat kotibiyati (SECO) hamda Xalqaro Savdo Markazi (ITC)ning “Sharqda savdoni rivojlantirish: Bolqon mamlakatlari va Markaziy Osiyo” loyihasi doirasida o‘tkazildi. Ushbu loyiha Albaniya, Serbiya, Tojikiston va O‘zbekiston qatorida Markaziy Osiyodagi davlatlarda ham oziq-ovqat mahsulotlari, xususan quritilgan mevalar ishlab chiqarish va eksportini xalqaro talablar darajasida rivojlantirishni maqsad qilgan.

 Seminar-treningning asosiy vazifasi – quritilgan mevalarni qayta ishlash va eksport qilish jarayonida sifat nazorati hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribalarni mahalliy ishlab chiqaruvchilarga yetkazish, ishlab chiqarish zanjirini takomillashtirish hamda eksport salohiyatini oshirishdan iborat bo‘ldi.

 Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi mutaxassislari, eksport faoliyati bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlar, ilmiy salohiyatli professor-o‘qituvchilar hamda iqtidorli talabalar faol ishtirok etdilar.

 Seminar-treningni Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor v.b A.Sayimbetov ochib berdi. So‘ng Xalqaro Savdo Markazining milliy maslahatchisi, Toshkent davlat agrar universiteti professori A. Azizov olib bordi. U o‘z ma’ruzasida xalqaro tajribaga asoslangan zamonaviy texnologik yondashuvlar, mahsulotlarni eksportga tayyorlashda muhim bosqichlar hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha qator amaliy tavsiyalarni berdi.

 Ishtirokchilar uchun bu tadbir nafaqat nazariy bilimlarni oshirish, balki amaliy tajribani boyitish, yangi eksport bozorlariga chiqish imkoniyatlari va global savdo talablariga moslashish yo‘llarini chuqur o‘rganish imkonini yaratdi.