Uchrashuvda institut rektori va rahbariyat vakillari mehmonlarni samimiy qutlab, institutning tarixi, bugungi faoliyati, ilmiy salohiyati, xalqaro hamkorlik aloqalari hamda ta’lim yo‘nalishlari haqida batafsil ma’lumot berdi. Rhodes College talabalari Orolbo‘yi hududining ekologik muammolari, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ilmiy izlanishlar hamda mintaqadagi ekologik va ijtimoiy jarayonlar yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. Uchrashuv do‘stona va samimiy ruhda o‘tdi. Tomonlar kelgusida akademik almashinuv dasturlarini kengaytirish, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish hamda talabalar o‘rtasidagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar. Tashrif davomida mehmonlar institutning Axborot resurs marzaki bilan ham tanishdi. Mazkur tashrif ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash va xalqaro ta’lim hamkorligini rivojlantirishga xizmat qiladi.

   Tashrifning eng muhim qismlaridan biri institutning zamonaviy GIZ (Geografik axborot tizimlari) markazi hamda ilmiy laboratoriyalariga uyushtirilgan ekskursiya bo‘ldi. Ekskursiya davomida mehmonlar qishloq xo‘jaligi, agrotexnologiyalar va ekologiya yo‘nalishlarida olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

  Mutaxassislar tomonidan Rhodes College talabalari va olimlariga GIZ texnologiyalarining qishloq xo‘jaligi va tabiiy resurslarni boshqarishdagi ahamiyati haqida batafsil ma’lumot berildi. Ular zamonaviy dasturiy ta’minotlar yordamida yer resurslarini monitoring qilish, ekin maydonlarini tahlil etish, suv resurslaridan samarali foydalanish hamda ekologik holatni baholash jarayonlari bilan tanishdilar. Ayniqsa, Orolbo‘yi hududida yuz berayotgan ekologik o‘zgarishlarni kuzatish va tahlil qilishda GIZ texnologiyalarining qo‘llanilishi mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

   Tashrif dasturi doirasida AQShning Rhodes College talabalari va Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti talabalari ishtirokida samimiy uchrashuv tashkil etildi. Mazkur uchrashuv yoshlar o‘rtasida xalqaro do‘stlik aloqalarini mustahkamlash, madaniy va akademik tajriba almashish hamda ta’lim sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish maqsadida o‘tkazildi.
  Uchrashuv davomida ikki oliy ta’lim muassasasi talabalari o‘zlarining ta’lim jarayoni, mutaxassislik yo‘nalishlari, ilmiy-tadqiqot ishlari hamda talabalik hayoti haqida taqdimotlar qildilar. Talabalar o‘qish jarayonidagi o‘ziga xos jihatlar, amaliy mashg‘ulotlar, ilmiy loyihalar va kelajakdagi kasbiy rejalari yuzasidan o‘zaro fikr almashdilar.
  Shuningdek, uchrashuv savol-javob ruhida davom etib, ishtirokchilar AQSh va O‘zbekistondagi oliy ta’lim tizimi, talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlar, xalqaro almashinuv dasturlari, ilmiy izlanishlar va kampus hayoti bilan bog‘liq mavzularda o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. Bu muloqot talabalarning dunyoqarashini kengaytirish, xorijiy ta’lim tajribasi bilan yaqindan tanishish va xalqaro hamkorlikning ahamiyatini chuqurroq anglashlariga xizmat qildi.
  Uchrashuvda institutda faoliyat olib borayotgan Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) vakillari Marin va Yuna ham ishtirok etdilar. Ular talabalar bilan o‘z tajribalari, O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi ta’lim hamkorligi hamda xalqaro loyihalardagi ishtiroklari haqida suhbatlashdilar. Marin va Yuna talabalarga xorijiy tillarni o‘rganish, xalqaro dasturlarda faol qatnashish va turli madaniyat vakillari bilan samarali muloqot qilish bo‘yicha tavsiyalar berdilar.
  Samimiy va do‘stona ruhda o‘tgan uchrashuv yakunida talabalar o‘zaro aloqalarni davom ettirish, kelgusida hamkorlikdagi loyihalar va akademik almashinuv dasturlarida ishtirok etish istagini bildirdilar. Mazkur tadbir yoshlar o‘rtasida madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish, xalqaro do‘stlikni mustahkamlash hamda ta’lim va ilm-fan sohasidagi hamkorlikni kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
  Tashrif dasturining navbatdagi manzili Savitskiy muzeyi bo‘ldi.
  Mehmonlar dunyoga mashhur ushbu muzeyda saqlanayotgan noyob tarixiy, arxeologik va madaniy meros namunalari bilan yaqindan tanishdilar. Muzey mutaxassislari tomonidan ularga Qoraqalpog‘istonning boy tarixi, qadimiy sivilizatsiyalari, milliy urf-odatlari va madaniy merosi haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
  Ekskursiya davomida talabalar va olimlar qadimiy qal’alar, tarixiy obidalar hamda hududda olib borilgan arxeologik qazilmalar natijasida topilgan qimmatli eksponatlarni katta qiziqish bilan tomosha qildilar. Xususan, Ellikqal’a hududidagi qadimiy qal’alar, Tuproqqal’a, Ayazqal’a va Jonbosqal’a kabi tarixiy yodgorliklarning maketlari, suratlari va ilmiy tavsiflari mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Shuningdek, ular ushbu obidalarning Markaziy Osiyo tarixidagi o‘rni va ahamiyati haqida qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
  Muzeyning etnografiya bo‘limida mehmonlar qoraqalpoq xalqining an’anaviy turmush tarzi, milliy kiyimlari, hunarmandchilik buyumlari va xalq amaliy san’ati namunalarini ko‘zdan kechirdilar. Tashrif davomida Qoraqalpog‘istonning boy madaniy merosini asrab-avaylash va uni kelajak avlodlarga yetkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham ma’lumot berildi.
  Rhodes College vakillari muzeyning boy fondi va noyob eksponatlariga yuqori baho berib, Qoraqalpog‘istonning ko‘p asrlik tarixi hamda madaniyati bilan yaqindan tanishish imkoniyati yaratilganidan mamnun ekanliklarini bildirdilar. Mazkur tashrif ikki xalq o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlash, tarixiy merosni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishni oshirish va xalqaro madaniy muloqotni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.