O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining 2023-yil 7-fevraldagi 02-RA 1/1-254-sonli topshiriq xati bilan tasdiqlangan «Oliy ta’lim muassasalarida talaba-yoshlar bilan ishlash samaradorligini oshirish va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga qaratilgan yagona chora-tadbirlar kalendar rejasi»ning 25-bandida «Oliy ta’lim muassasalari talabalari, ayniqsa bitiruvchilarning bandligini ta’minlash maqsadida ish beruvchilarni jalb etgan holda «Karyera kuni» mehnat yarmarkasini tashkil etish» vazifasi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev rahbarligida 2022-yil 4-mart kuni o‘tkazilgan majlisda oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan talabalarga ishlash erkinligi joriy etilishiga ruxsat berilishi va muhim asosiy vazifalar belgilangan.
Shu asosda Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutida 2025-yil 15-may kuni «Karyera kuni» mehnat yarmarkasini tashkil etish» vazifasining bajarilishini ta’minlash maqsadida institutimiz tomonidan «Bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi» o‘tkazildi.
Yarmarka Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlar, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va boshqa sohaga tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Respublikamiz bo‘ylab bir necha yillardan beri o‘tkazib kelinayotgan «Karyera kuni» mehnat yarmarkasi talaba-yoshlarning bandligini ta’minlabgina qolmay, balki ishsiz fuqarolarga mehnat qonunchiligi, mavjud ish o‘rinlarida belgilangan imtiyozlar va kafolatlar, ish o‘rinlari haqida tushunchalar va maslahatlar berishda juda muhim hisoblanadi.