Avval xabar berganimizdek, bugun 14-iyun kuni O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishi sharoitida aqlli qishloq xo‘jaligi (Climate Smart Agriculture in Uzbekistan) mavzusida seminar trening (workshop training) ning 2-kuni doirasida Mo‘ynoq tumaniga va Orol dengizi tarixi muzeyiga sayohat rejalashtirilgan edi.
Shu asosda Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti rektori Berdiyor Jo‘llibekov boshchiligida seminar ishtirokchilari Mo‘ynoq tumanida bo‘ldi.
U yerda dastlab 1990-yillarda qurigan Orol dengizi tubiga ekilgan Saksovul maydonlarini ko‘zdan kechirib, u yerda bugungi kunda o‘simliklarning o‘sib rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan zararli omillar ustida muhokamalar o‘tkazildi.
Shundan so‘ng qurigan Orol dengizi tubida tashkil etilgan stansiyada bo‘lib, olimlarimiz bu hudud muammolarini hal etish ustida olib borgan ilmiy tadqiqotlar bilan tanishar ekanlar, iqlim sharoitining keskin yoki o‘zgaruvchan keskinlashuvi bu ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish uchun to‘siq bo‘la olmasligiga yana bir bor ishonch hosil qildilar.
Keyingi manzil Mo‘ynoq davlat o‘rmon xo‘jaligiga qarashli ilmiy tadqiqot bo‘limida bo‘ldi va bu yerda atrof muhitni ko‘kalamzorlashtirish maqsadida olib borilayotgan chora-tadbirlar bilan yaqindan tanishdi.