Bugun, 2025-yil 14-sentyabr kuni, Osiyo Taraqqiyot Bankining (OTB) Janubiy, Markaziy va G‘arbiy Osiyo bo‘yicha vitse-prezidenti janob Yingming Yang hamda OTB vakillari – Markaziy va G‘arbiy Osiyo departamenti bosh direktori Leah Gutierrez, Inson va ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha katta sektor direktori Ayako Inagaki va OTBning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Kanokpan Lao-Araya xizmat safari bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrif buyurdi.

 Xizmat safari doirasida mehmonlar Nukus tumanida joylashgan Don va sholi ilmiy ishlab chiqarish birlashmasining tajriba maydonida o‘tkazilgan anjumanda ishtirok etdilar. Tadbirda birlashmaning faoliyati va erishilgan natijalari haqida batafsil ma’lumot berildi.

 Shuningdek, anjumanda fermerlar hamda qishloq xo‘jaligi rivojiga hissa qo‘shib kelayotgan olimlar bilan samimiy muloqot bo‘lib o‘tdi. Suhbat davomida tomonlar hamkorlikni yanada mustahkamlash, yangi loyihalarni amalga oshirish va qishloq xo‘jaligi sohasida innovatsion yondashuvlarni joriy etish masalalari muhokama qilindi.

 Osiyo Taraqqiyot Banki vakillarining Qoraqalpog‘istonga tashrifi, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va qishloq xo‘jaligi sektorini barqaror rivojlantirish yo‘lidagi xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.