Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash va suv xo‘jaligi fakultetida yoshlarning biznes g‘oyalari va startap tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan navbatdagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir respublikamizda yoshlar bandligini ta’minlash, ularning tadbirkorlik salohiyatini rivojlantirish va biznesni boshlash uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar haqida amaliy tushunchalar berish maqsadida o‘tkazildi.

 Uchrashuvda Nukus shahri «Ko‘hna qal’a» MFY hududida joylashgan «NUKUS LAK BOYOQLARI» MCHJ mutaxassislari ishtirok etib, talaba-yoshlarga korxonaning faoliyati, ishlab chiqarish jarayonlari, bo‘yoq mahsulotlariga bo‘lgan talab va bozor imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berdi. Shuningdek, yoshlarning kichik biznes va startap loyihalarini amalga oshirishda davlat tomonidan berilayotgan imtiyozlar, kreditlar, grant dasturlari va o‘quv-amaliy loyihalar haqida ham tushunchalar berildi.

 Tadbirda Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash va suv xo‘jaligi fakulteti hamda Agrobiznes va buxgalteriya hisobi kafedrasi o‘qituvchilari – assistent J. Baltashov, fakultet tyutorlari A. Uteniyazov, E. Bekpanov, Z. Avezovalar faol ishtirok etdi.

 Uchrashuv davomida talabalar mutaxassislarga o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berib, biznesni boshlash tartibi, loyiha rejalashtirish, marketing va moliyaviy hisobot yuritish bo‘yicha amaliy tavsiyalar oldi.

 Tadbir yakunida mutaxassislar talabalarda tashabbus va innovatsion fikrni oshirish, ularga amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.