OROLBO‘YI HUDUDIDA IQLIM O‘ZGARISHI VA SUV TANQISLIGI SHAROITIDA QISHLOQ XO‘JALIGINI RIVOJLANTIRISHNING INNOVATSION TEXNIKA VA TEXNOLOGIYALARI MAVZUSIDAGI XALQARO ILMIY VA ILMIY-TEXNIK KONFERENSIYA
2026-yil 12-mart kuni Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutida “Orolbo‘yi hududida iqlim o‘zgarishi va suv tanqisligi sharoitida qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning innovatsion texnika va texnologiyalari” mavzusida xalqaro ilmiy va ilmiy-texnik konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Mazkur konferensiyada respublika va xorijiy davlatlarning yetakchi olimlari, professor-o‘qituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar, doktorantlar hamda qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar ishtirok etdilar. Tadbirning asosiy maqsadi Orolbo‘yi hududida kuzatilayotgan global iqlim o‘zgarishi, suv resurslarining kamayishi hamda ekologik muammolar sharoitida qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini barqaror rivojlantirishga qaratilgan zamonaviy ilmiy yondashuvlar, innovatsion texnika va ilg‘or agrotexnologiyalarni muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.
Konferensiya davomida global iqlim o‘zgarishi va suv tanqisligi sharoitida suv xo‘jaligi va melioratsiya sohasining dolzarb muammolari, irrigatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, sho‘rlanishga qarshi kurashish hamda suv resurslaridan oqilona foydalanish masalalari keng muhokama qilindi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligida suvtejamkor sug‘orish texnologiyalari, jumladan tomchilatib sug‘orish, yomg‘irlatib sug‘orish, lazerli tekislash texnologiyalari hamda raqamli agrotexnologiyalarni joriy etish bo‘yicha ilmiy ma’ruzalar taqdim etildi.
Tadbirda Orolbo‘yi hududining tabiiy-iqlim sharoitiga moslashgan qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish, resurs tejovchi agrotexnologiyalarni qo‘llash, suv va yer resurslaridan samarali foydalanish hamda agroekologik barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha muhim ilmiy tavsiyalar ishlab chiqildi.
Konferensiya yakunida ilmiy tadqiqotlarni amaliyot bilan integratsiyalash, innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqarishga keng joriy etish, shuningdek, Orolbo‘yi hududida qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirishga qaratilgan istiqbolli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirildi.

(+99861) 229-27-01
qaxai_info@tdaunukus.uz