Tadbir avvalida O‘zbekiston Respublikasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat madhiyalari yangrab, yig‘ilganlarda yuksak faxr va iftixor tuyg‘ularini uyg‘otdi. Shundan so‘ng institut rektori N. Absattarov kirish so‘zi bilan tadbirni ochib, tashrif buyurgan mehmonlarni tanishtirdi hamda barcha ishtirokchilarni ushbu qutlug‘ sana bilan samimiy muborakbod etdi. U o‘z nutqida Konstitutsiya xalqimiz hayotida tutgan beqiyos o‘rin, uning jamiyat taraqqiyotidagi ahamiyatiga alohida to‘xtaldi.

 Keyingi so‘z Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi qo‘mita raisi Sh. O‘temisovga berildi. U o‘z ma’ruzasida Konstitutsiyaning qabul qilinishi tarixiy burilish bo‘lganini, u davlat va jamiyatning demokratik rivojlanish yo‘lini belgilab beruvchi muhim hujjat ekanini ta’kidladi. Shuningdek, asosiy qonunimiz inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, milliy huquq tizimini shakllantirishda mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilayotganini alohida qayd etdi. Ma’ruzada Konstitutsiyaning asosiy bo‘limlari, undagi prinsiplar, fuqarolarning huquq va burchlari, davlat hokimiyati tizimi hamda kiritilgan o‘zgartishlarning mazmun-mohiyati keng yoritib berildi.

 Shundan so‘ng Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi raisi o‘rinbosari B. Qtaybekov so‘zga chiqib, Konstitutsiya har bir davlatning siyosiy, huquqiy va ma’naviy qiyofasini aks ettiruvchi asosiy hujjat ekanini ta’kidladi. U 1993 yil 9 aprel kuni qabul qilingan Konstitutsiya yangi davlat va yangi jamiyat qurilishida mustahkam asos bo‘lib xizmat qilganini, aynan shu hujjat orqali jamiyat hayotining barcha sohalarini tartibga soluvchi mukammal huquqiy tizim shakllanganini alohida e’tirof etdi.

 Tadbir davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i A. Abdikarimov ham so‘zga chiqib, Konstitutsiya qabul qilingan kun xalqimiz tarixidagi muhim sana ekanini ta’kidladi. U Konstitutsiyamiz moddalarida inson huquqlari, erkinliklari va manfaatlari ustuvor ahamiyat kasb etishini, ushbu normalar xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplari, jumladan, inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasiga to‘liq mos kelishini qayd etdi. Konstitutsiya xalq farovonligi, jamiyat barqarorligi va adolat tamoyillarini ta’minlovchi bosh qonun sifatida doimo xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

 Uchrashuv yakunida talaba-yoshlar faol ishtirok etib, mehmonlarga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar. Mutaxassislar tomonidan berilgan batafsil va asosli javoblar yoshlarning huquqiy bilimlarini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.

 Mazkur tadbir nafaqat bayramona ruhda o‘tdi, balki yoshlar qalbida Konstitutsiyaga hurmat, qonunlarga sadoqat va vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada kuchaytirishga xizmat qildi.