“OROL TUBIGA” eko-ta’lim sayohatlari doirasida tashkil etilgan “OROLBO‘YI EZGU NIYAT ELCHILARI” xalqaro konferensiyasida Institutimiz Inkubaciya Markazi direktori D.Ramazanov hamda startap va innovatsion g‘oyalarga ega bo‘lgan bir guruh faol talaba-yoshlar ishtirok etdilar.
Mazkur konferensiya Orolbo‘yi hududida yuzaga kelgan ekologik muammolarni keng jamoatchilikka yetkazish, yoshlar o‘rtasida ekologik madaniyatni shakllantirish hamda innovatsion yechimlarni ilgari surish maqsadida tashkil etildi. Institutimiz vakillari tomonidan konferensiyada ekologiya yo‘nalishidagi bir qator startap va innovatsion loyihalar taqdim etildi. Ushbu loyihalar suvni tejovchi texnologiyalar, yashil energiya manbalari, tuproq unumdorligini oshirish hamda Orolbo‘yi hududida ekologik barqarorlikni ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Konferensiya doirasida ishtirokchilar o‘zaro tajriba almashish, xalqaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish hamda yangi g‘oyalarni shakllantirish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Talaba-yoshlar uchun bu kabi tadbirlar ularning ilmiy va amaliy salohiyatini oshirish, shuningdek, global ekologik muammolarga befarq bo‘lmagan faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.


