Mazkur nufuzli tadbirda Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish va suv xo‘jaligi fakulteti “Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish” kafedrasi jamoasi ham munosib ishtirok etdi. Xususan, fakultet dekani E.Sultanov, kafedra mudiri S.Tursimuratovlar boshchiligida 1-kurs magistranti S. Gulmuratov, 4-kurs talabasi J. Karimullaevlar festivalda faol qatnashdilar.
Festival doirasidagi innovatsion loyihalar ko‘rgazmasida kafedra professori, texnika fanlari doktori, Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan ixtirochi va ratsionalizator O.P.Auezov tomonidan ishlab chiqilgan “Saksovul urug‘ini ekuvchi seyalka” qurilmasi namoyish etildi.
Taqdim etilgan ushbu qurilma cho‘l va yarim cho‘l hududlarida ekologik muammolarni bartaraf etish, xususan, saksovul ekinlarini mexanizatsiyalashgan holda ekish jarayonini samarali tashkil etishga qaratilgani bilan alohida e’tibor qozondi. Qurilmaning asosiy afzalliklari sifatida urug‘larni belgilangan chuqurlikda va me’yoriy masofada joylashtirish, mehnat sarfini kamaytirish hamda ekish jarayonining unumdorligini oshirish imkoniyatlari qayd etildi.
Festival yakunlariga ko‘ra, taqdim etilgan “Saksovul urug‘ini ekuvchi seyalka” qurilmasi hakamlar hay’ati tomonidan yuqori darajada baholandi. Loyiha dolzarbligi, amaliy ahamiyati hamda cho‘l va yarim cho‘l hududlarida saksovul ekish jarayonini mexanizatsiyalash orqali ekologik muammolarni yumshatishga qo‘shadigan hissasi alohida e’tirof etildi.
Hakamlar tomonidan ushbu ishlanmani amaliyotga keng joriy etish, shuningdek, ishlab chiqarish bosqichiga olib chiqish yuzasidan ijobiy tavsiyalar bildirildi. Qurilmaning innovatsion yondashuvi va resurs tejamkorligi uning istiqbolli muhandislik yechimlaridan biri sifatida baholanishiga asos bo‘ldi.



