“YOSHLAR — YASHIL TARAQQIYOT VA EKOLOGIK TASHABBUSLAR KUCHI” MAVZUSIDA OCHIQ MULOQOT O‘TKAZILDI
🍀Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutida yoshlar va xotin-qizlar bilan ochiq muloqot hamda seminar tashkil etildi. “YOSHLAR — YASHIL TARAQQIYOT VA EKOLOGIK TASHABBUSLAR KUCHI” mavzusida o‘tkazilgan mazkur tadbirning asosiy maqsadi talaba-yoshlar orasida ekologik madaniyatni yuksaltirish, atrof-muhitni muhofaza qilishga bo‘lgan mas’uliyatni kuchaytirish hamda yoshlarning ekologik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat bo‘ldi.
Seminarni institutning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori M. Dauletmuratov ochib berib, tadbirning ahamiyati haqida so‘z yuritdi hamda tashrif buyurgan mehmonlarni talaba-yoshlarga tanishtirdi. U o‘z nutqida ekologik muammolarni bartaraf etishda yoshlarning faolligi, tashabbuskorligi va innovatsion g‘oyalari muhim o‘rin tutishini alohida ta’kidladi.
Shundan so‘ng Begimova Aysanem Polatovna – O‘zbekiston Ekologik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi partiya tashkiloti Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi so‘zga chiqib, mamlakatimizda ekologik barqarorlikni ta’minlash, yashil hududlarni kengaytirish, atrof-muhitni asrash hamda aholi ekologik madaniyatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil ma’lumot berdi. U ekologik tozalik va musaffo muhitni saqlash har bir fuqaroning burchi ekanligini qayd etib, yoshlarni tabiatga mehr bilan qarashga, ekologik loyihalar va ko‘ngillilar harakatlarida faol ishtirok etishga chaqirdi.
Tadbir davomida Matkarimova Nilufar Boqijonovna – O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi Yoshlar va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari “Yoshlar – yashil rivojlanish va ekologik tashabbuslar kuchi” mavzusida mazmunli ma’ruza bilan ishtirok etdi. U taqdimot va slaydlar orqali global ekologik muammolar, iqlim o‘zgarishi, suv va yer resurslaridan oqilona foydalanish, chiqindilarni saralash madaniyati hamda “yashil iqtisodiyot” tamoyillarining ahamiyati haqida atroflicha tushunchalar berdi. Shuningdek, ekologik muammolarni hal etishda yoshlarning tashabbuslari va innovatsion g‘oyalari muhim kuch ekanligini ta’kidlab, talabalarning qiziqtirgan savollariga javob berdi.
◾️Ochiq muloqot samimiy va qizg‘in ruhda o‘tib, unda talaba-yoshlar ekologik muhofaza, yashil texnologiyalarni joriy etish hamda ekologik loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha o‘z fikr va takliflarini bildirdilar.
Tadbir yakunida institutning jamoat ishlarida faol ishtirok etib, ekologik targ‘ibot va tashabbuslarda namuna ko‘rsatgan 5 nafar faol yosh faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi. Bu e’tirof ularning kelgusidagi faoliyatiga yanada katta rag‘bat bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.
Shuningdek, institut huzuridagi partiyaning “Ekologiya va salomatlik” ayollar klubi faoliyatini yanada rivojlantirish maqsadida klub raisi saylandi hamda saylangan nomzodga ishonch yorlig‘i tantanali ravishda topshirildi. Mazkur klub xotin-qizlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi va ekologik madaniyatni targ‘ib qilishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, institut qoshidagi partiyaning “Yoshlar qanoti” jamiyati raisi ham saylanib, unga ishonch yorlig‘i topshirildi. Yangi rais yoshlarning ekologik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularni jamoat ishlariga keng jalb etish va ekologik loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etishi ta’kidlandi.
Tadbir yakunida ekologik muammolarga befarq bo‘lmaslik, tabiatni asrash va kelajak avlodlarga musaffo atrof-muhitni qoldirish barchamizning umumiy mas’uliyatimiz ekani alohida qayd etildi. Seminar ishtirokchilarda ekologik ong va mas’uliyatni yanada mustahkamlash, yoshlarning yashil rivojlanish yo‘lidagi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilgan muhim muloqot maydoniga aylandi.




