Seminar-trening 13-14-iyun kunlari bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan bo‘lib, bugun seminarning ochilish marosimi hamda Iqlim o‘zgarishini yumshatish va Orolbo‘yi hududlarining ekologik barqarorligini tiklashga qaratilgan ilmiy tadqiqotlar haqida seminar ishtirokchilari o‘z ma’ruzalarini yig‘ilganlar va ommaviy axborot vositalari vakillariga bayon qildi.

 Bugungi seminarni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengashi raisining o‘rinbosari R.Saparbayev ochib berdi. Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Alisher Shukurov, Jahon bankining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha katta iqtisodchisi Dr. Pierre Gerber, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi direktori prof. Shadman Na’mazov, Toshkent davlat agrar universiteti rektori prof. Narzulla Oblomuradov, Marc Van Uytvanck, EU-ASK Facility, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti rektori Berdiyor Jollibekov so‘zga chiqib, seminarning ahamiyati, bugungi kunda amalga oshirilishi kerak bo‘lgan chora-tadbirlar haqida to‘xtalib o‘tdi.

 Ushbu seminar orqali bugungi kundagi iqlim o‘zgarishi nafaqat qishloq xo‘jaligiga, balki bozor iqtisodiyotiga, o‘sha hududda yashayotgan insonlar salomatligiga, tuproq, iqlim o‘zgarishi orqali hudud ekologiyasiga ham katta ta’sir ko‘rsatishi alohida ta’kidlandi.

 Seminar yig‘ilishining ochilish marosimidan so‘ng iqlim o‘zgarishini yumshatish va Orolbo‘yi mintaqasida ekologik barqarorlikni tiklash bo‘yicha ilmiy tadqiqot institutlari, xalqaro tashkilotlar vakillari bugungi kunda olib borilayotgan tadqiqotlarga tayangan holda olib borilayotgan ilmiy ishlar haqida ishtirokchilarga o‘z ma’ruzalarini taqdim etdi.