2025-yil 22-sentabr kuni Toshkent shahrida Innovatsion rivojlanish agentligi va Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) hamkorligida amalga oshirilayotgan qiymati 5,0 mln AQSH dollar bo‘lgan SATREPS-2020 dasturi doirasida qo‘shma muvofiqlashtiruvchi qo‘mitaning 4-uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur loyiha “Orolboʻyi mintaqasida tuproqning shoʻrlanishiga qarshi kurashish, yerning unumdorligi va oziq-ovqat xavfsizligini oshirish uchun suv resurslaridan foydalanishni monitoring va nazorat qilishning yangi texnologiyalarini ishlab chiqish”ga qaratilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi yerlarning unumdorligini oshirish, suvdan foydalanish imkoniyati cheklangan hududlarda yashovchi aholining farovonligini yaxshilash va qishloq xo‘jaligiga yangi yapon texnologiyalarini joriy etishdan iborat.
Uchrashuvda yaponiyalik va o‘zbekistonlik olimlar hamda loyiha ishtirokchilari tomonidan 2024–2025-yillarda amalga oshirilgan ishlar natijalari taqdim etildi. Shuningdek, loyihaning kelajakdagi rejalariga oid muzokaralar olib borilib, 2026-yilda bajarilishi rejalashtirilgan ilmiy izlanishlar muhokama qilindi.
Mazkur anjumanda Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti rektori B. Jollibekov ham ishtirok etdi. U o‘z nutqida 2020-2025 yillarda loyiha doirasida Qorao‘zak tumanlarida olib borilgan ilmiy izlanishlar natijalari haqida ma’lumot berib, mintaqada oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashdagi muammolarni hal etishda bunday xalqaro loyihalarning ahamiyati juda yuqori ekanini ta’kidladi.