Seminarda dastur imkoniyatlari, bandlik masalalari va biznes loyihalarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari bo‘yicha qisqacha ma’lumotlar berildi. Bu borada O‘zmilliybank Aksiyadorlik jamiyati Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali «Kelajakka qadam» sektori Markaz menejeri K.Sharipova dastur doirasida berilayotgan imkoniyatlar, biznes loyihalarni moliyalashtirish tartibi, kredit shartlari va zarur hujjatlar bo‘yicha ma’lumot berdi. Shuningdek, biznes g‘oyalarni tayyor loyiha darajasiga yetkazish bosqichlari haqida tushuntirib o‘tdi.

 Savdo-sanoat palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi bosh mutaxassisi J.Berdimuratov bitiruvchi talabalarning bandligi, mehnat bozoriga tayyorgarligi va ularga ko‘rsatilayotgan yordam haqida so‘zlab berdi.

 Seminarning asosiy mehmonlaridan biri Tadbirkor Oliy Kengash deputati va «Biogomus» fermer xo‘jaligi rahbari Sh.Niyozimbetov talabalarga o‘zining tadbirkorlik yo‘li, uchragan qiyinchiliklari va muvaffaqiyatga erishish tajribalari haqida so‘zlab berdi. U pomidorni qayta ishlash va tabiiy qoqi tayyorlash hamda Yevropa davlatlariga eksport qilish bo‘yicha erishilgan natijalar bilan bo‘lishib, yoshlarni sabr-toqat bilan maqsadlariga erishishga chaqirdi.

 Seminar davomida Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti «Registrator ofisi» rahbari I.Sulaymonov Sh.Niyazimbetovning yillar davomida mehnat, izlanish va tadbirkorlik ruhi bilan erishgan natijalari ishtirokchi talabalar uchun kuchli motivatsiya bo‘lganligini hamda uning biznes yuritish madaniyati, tobora kengayib borayotgan faoliyati va qo‘lga kiritgan yutuqlari yosh avlodni tadbirkorlikka keng jalb qilishda katta ahamiyatga ega ekanligini alohida ta’kidladi. Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, mutaxassislar tomonidan amaliy javoblar oldilar. Tadbir bitiruvchi talabalarda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish va ularni mehnat bozoriga tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etdi.