Qoraqalpog’iston qishloq xo’jaligi va agrotexnologiyalar instituti student yoshlari va professor-o’qituvchilar ishtirokida Moʻynoq tumanida amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi islohotlarning natijalari bilan tanishtirish, shuningdek, Mo’ynoq va Orol dengizi tarixini o’rganish maqsadida sayohat tashkil etildi.

Safarning dastlabki kuni institut professor-oʻqituvchilari hamda talaba-yoshlari buyuk alloma Hakim ota – Sulaymon Boqirgʻoniy maqbarasini ziyorat qilib, bu yerda amalga oshirilgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi. Turkiy xalqlar orasida Xoʻja Ahmad Yassaviydan keyingi donishmand sifatida tan olingan Hakim otaning hayoti, ezgu amallari, avlodlarga qoldirgan meroslari haqida baholi ma’lumotlarga ega boʻldi.

Sayohatning keyingi manzili-Orol dengizi tarixi muzeyi bo’ldi. U erda talaba yoshlar Orol dengizi tarixiga oid eksponatlar bilan tanishdi hamda Orol dengizi haqidagi kinofilmni tomosha qildi.

 Undan so’ng talaba yoshlar Kemalar qabristoni majmuasida boʻlib, bu yerdagi eksponatlar, dengizning suvga toʻla paytlariga guvoh boʻlgan kemalar tarixiga oid materiallar bilan tanishdi.

Mo’ynoq tumani bo’ylab sayohat davomida O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlis deputatlari, senatorlar, Qoraqalpog’ston Respublikasi  Jo’qorg’i Kenges deputatlari, vazirliklar vakillari, oliy o’quv o’rinlari  rektor va direktorlari bilan birgalikda Mo’ynoq tumanidagi Favqulotda vaziyatlar vazirligining harbiy okrugida harbiylar bilan uchrashuv bo’lib o’tdi.

 Uchrashuvda institutimiz rektori E.Tóreniyazov ishtirok etdi hamda Orol dengizining qurigan maydoniga saksavul ekish ishlarida o’z hissalarini qo’shib kelayotgan harbiylarga “Faxriy yorliq” lar va esdalik sovg’alarini topshirdi.